Logo

O'zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi Xitoy ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida

Sentabr 25, 2025. 17:51 • 2 daq

100
O'zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi Xitoy ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida

PEKIN, 25-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning "Sinxua", "Target", "Victvo", "Lookwe", "Psearcher"  kabi yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqini keng yoritdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrlarda qayd etilishicha, O'zbekiston Prezidenti mamlakatda amalga oshirilayotgan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga to'liq mos keladigan qaytarib bo'lmaydigan islohotlar haqida batafsil to'xtalib o'tdi. Mamlakat demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat – Yangi O'zbekiston qurish siyosatini izchil davom ettirayotgani ta'kidlandi.

"So'nggi yillarda O'zbekistonda kambag'allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizga kamaygan. Bunga, birinchi navbatda, ta'lim va ilm-fanni isloh qilish, innovatsion ishlab chiqarishlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, yashil energetikani rivojlantirish va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va buning natijasida millionlab ish o'rinlari yaratish orqali erishildi", – deyilgan maqolalarda.

Xitoy OAV O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlariga alohida e'tibor qaratgan. Global va mintaqaviy xavfsizlik masalalari nuqtai nazaridan O'zbekiston Prezidenti Afg'onistondagi vaziyatga to'xtaldi. Afg'on xalqining tinch va xavfsiz hayotga bo'lgan intilishlarini qo'llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa'y-harakatlarini birlashtirishga chaqirib, mamlakat yakkalanib qolishining oldini olish muhimligini ta'kidladi.

"O'zbekiston rahbari Afg'oniston orqali o'tuvchi xalqaro transport va energetika yo'laklarini rivojlantirish bo'yicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif qildi", – deya qayd etilgan materiallarda.

  Nashrlarda, shuningdek, O'zbekiston jamiyatda bag'rikenglik siyosatini izchil amalga oshirib, ma'rifiy islom g'oyalarini butun dunyoda chuqur o'rganish va keng targ'ib etishni faol davom ettirishi urg'ulangan.

"Yaqin oylarda Toshkentda mintaqa uchun yagona bo'lgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi. BMTda buyuk ajdodlar – mutafakkir va allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning boy ma'naviy va ilmiy merosining maxsus taqdimoti rejalashtirilgan", – deyiladi maqolalarda.

Xitoy OAV yozganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev ma'ruzasi yakunida Yangi O'zbekiston dunyoning barcha davlatlari bilan hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin hamkorlik tarafdori ekanini, xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqotni mustahkamlash, insoniyat maqsadlariga erishishga hissa qo'shishga tayyor ekanini ta'kidladi.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish