Logo

Vengriya OAV: Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining dinamik yetakchisi sifatida namoyon bo'ldi

May 21, 2025. 07:19 • 4 daq

166
Vengriya OAV: Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining dinamik yetakchisi sifatida namoyon bo'ldi

BUDAPЕSHT, 21-may. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Budapesht shahriga tashrifi arafasida O'zbekistonda kechayotgan islohotlar va mamlakatimizning Turkiy davlatlar tashkilotidagi ishtirokini keng yoritmoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, Vengriyaning "Hungarian Conservative" axborot-tahliliy nashrida "O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi yetakchiligi: Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarashlari" sarlavhali maqola e’lon qilindi. Nashrda O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida mintaqaviy hamkorlikni, iqtisodiy integratsiyani va turkiy tilli davlatlar o'rtasida madaniy birlikni mustahkamlash uchun Markaziy Osiyodagi strategik joylashuvidan foydalangan holda asosiy ishtirokchiga aylangani qayd etilgan. "Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekiston TDT kun tartibini belgilab beruvchi va uning xalqaro maydondagi ta’sirini kuchaytiruvchi qator chuqur islohotlar boshladi. Bu sa’y-harakatlar O'zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik, barqaror rivojlanish va turkiy davlatlar o'rtasida umumiy farovonlik tarafdori ekanini ta’kidlaydi", – deb yozilgan maqolada.

 Shuningdek, maqolada O'zbekiston 2022-yilda TDTga raislik qilganidan beri tashkilot maqsadlarini ilgari surishda markaziy rol o'ynagani urg'ulangan.

"Hungarian Conservative" portalining yozishicha, 2022-yilda Samarqandda bo'lib o'tgan TDT sammiti muhim voqea bo'ldi, unda O'zbekiston Turkiyadan raislikni qabul qilib oldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy integratsiya, infratuzilmani rivojlantirish va madaniy almashinuvga e’tibor qaratgan holda hamkorlikni mustahkamlash strategiyasini belgilab berdi. 

"Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining dinamik yetakchisi sifatida namoyon bo'ldi. Iqtisodiy aloqalar, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishga qaratilgan tashabbuslar orqali O'zbekiston nafaqat turkiy davlatlar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlamoqda, balki jahon miqyosida ham munosib o'rin egallamoqda. Shavkat Mirziyoyev TDTni oldinga siljitishda davom etar ekan, O'zbekistonning ta’siri kuchayib, turkiy dunyoda farovonlik va birlikning yangi davrini boshlab berdi", – deb yozilgan maqola xulosasida.

Vengriyadagi eng qadimgi va mashhur kundalik bosma nashrlardan biri "Magyar Nemzet" gazetasi "Diplomatik yuksalish: Turk dunyosi Budapeshtga e’tibor qaratmoqda" sarlavhali maqolani o'z o'quvchilari e’tiboriga taqdim qildi.  Maqolada shu yilning 20-21-may kunlari Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti bo'lib o'tishi xabar qilingan. "Varkeret bozori majmuasida bo'lib o'tadigan sammitda Turkiya, Ozarbayjon, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston yetakchilari, shuningdek, TDT bosh kotibi ishtirok etadi, – deb ta’kidlangan materialda. – Ekspertlarning fikricha, TDT Markaziy Osiyo va Yevroosiyo mintaqasidagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlarning muhim ishtirokchisiga aylanib bormoqda."

Mazkur gazetada e’lon qilingan navbatdagi maqola Turkiy davlatlar tashkilotining mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi o'rniga bag'ishlandi.  "Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy Osiyo va Yevroosiyodagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlarning tobora muhim ishtirokchisiga aylanib bormoqda. Mintaqaning rivojlanishi global nuqtayi nazardan e’tiborga loyiq bo'lib, o'zaro hamkorlik va mushtarak madaniy ildizlar turkiy davlatlar bilan "Sharqqa ochilish" siyosati doirasidagi iqtisodiy aloqalar uchun ajoyib zamin yaratadi", – deya Vengriya tashqi siyosat instituti katta ilmiy xodimi, professor Laslo Vasha so'zlaridan iqtibos keltirilgan nashrda.

Shuningdek, Vengriyaning "Eurasia" tahliliy markazi rasmiy-saytida "Vengriya va Turkiy davlatlar tashkilotining buguni va kelajagi" sarlavhali tahliliy maqola joylashtirildi. Unda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan TDTning Budapeshtdagi norasmiy sammitida Turkiya Prezidenti Rejeb Tayyib Erdog'an, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg'iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ishtirok etishi xabar qilingan.

Maqolada, shuningdek, Vengriya va O'zbekiston o'rtasidagi iqtisodiy munosabatlar so'nggi yetti yilda yangi bosqichga ko'tarilgani ta’kidlangan. Vengriyaning yangi tashqi siyosatining muhim natijalaridan biri Toshkentda Vengriya elchixonasining ochilishi bo'ldi. Shu bilan birga, ikki davlat yetakchilarining tez-tez o'tkazilayotgan uchrashuvlari Vengriya-O'zbekiston iqtisodiy va diplomatik aloqalari jadal rivojlanib borayotganining yorqin namunasidir. "2021-yil mart oyida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga bordi va u yerda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Toshkent uchrashuvi chog'ida Vengriya va O'zbekiston ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklik to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya va 2021-2023-yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturi imzoladi", – deya qayd etgan portal.

Ushbu mamlakatning mashhur "Hello Magyar" onlayn nashrida esa "O'zbekiston va Vengriya: turizm hamkorligining o'sish nuqtalari" sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik tobora jadal va sermahsul bo'lib borayotgani qayd etilgan. 

"So'nggi yillarda ham biznes aloqalarini, ham madaniy almashinuvni qamrab oluvchi strategik sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratildi. Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatlarimiz muloqotning yangi bosqichiga ko'tarildi, bunda turizm muhim, integratsion rol o'ynaydi", – deyilgan manbada.

Ta’kidlanishicha, Vengriya fuqarolarining O'zbekistonga qiziqishi ortib bormoqda. Ularni O'zbekistonning eng boy tarixiy va madaniy merosni zamonaviy infratuzilma bilan uyg'unlashtirgan noyob sayyohlik yo'nalishlari o'ziga faol jalb qilmoqda. "Boshqa tomondan, Vengriya O'zbekiston turizmi uchun barqaror va ko'p qirrali bozor hisoblanadi. O'zbekiston fuqarolari Vengriyaga madaniy, sog'lomlashtirish va ishbilarmonlik turizmi mamlakati sifatida qiziqish bildirmoqda. Budapeshtning termal kurortlari, gastronomik yo'nalishlari va me’moriy merosi o'zbek sayyohiga katta qiziqish uyg'otmoqda", – deb yozgan muallif.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish