Logo

O'zbekiston Prezidentining "Kambag'allikdan farovonlik sari" III xalqaro forumining ochilish marosimidagi nutqi Xitoy OAV diqqat markazida

Sentabr 18, 2025. 18:16 • 3 daq

63
O'zbekiston Prezidentining "Kambag'allikdan farovonlik sari" III xalqaro forumining ochilish marosimidagi nutqi Xitoy OAV diqqat markazida

PEKIN, 18-sentabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari – "Sinxua" axborot agentligi, "Jenmin jibao" gazetasi, "Kitay" jurnali, "CGTN" va boshqalar O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namanganda o'tayotgan "Kambag'allikdan farovonlik sari" III xalqaro forumining ochilish marosimidagi nutqini keng yoritmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrlarda O'zbekiston va Xitoy har tomonlama strategik sheriklar sifatida o'zaro manfaatli barcha sohalarda faol hamkorlik qilayotgani qayd etilgan. Kambag'allikka barham berish ana shunday izlanayotgan sohalardan biri hisoblanadi.

"O'zbekiston Prezidenti va Xitoy Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan O'zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo'mitasi tarkibida kambag'allikni qisqartirish bo'yicha quyi qo'mita tashkil etildi va hozirgi kunga qadar uning ikkita yig'ilish bo'lib o'tdi", – deyiladi Xitoy OAV maqolalarida.

Qayd etilganidek, 17-sentabr kuni Namangan shahrida 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar, jumladan, Xitoy vakillari ham ishtirok etgan "Kambag'allikdan farovonlik sari" III xalqaro forumi o'z ishini boshladi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev anjumanning ochilish marosimidagi nutqida "Izchil islohotlarimiz tufayli 7,5 million aholi kambag'allikdan chiqarilib, kambag'allik darajasi 2024-yilda 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha uni 6 foizgacha kamaytirishni maqsad qilganmiz. Albatta, qisqa muddatda bunday natijalarga erishish o'z-o'zidan bo'lgani yo'q. O'tgan davrda iqtisodiyotimiz 2 karra o'sgani, yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi bu borada muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda", – deya ta'kidladi.

Yangi tashabbuslarni sinovdan o'tkazish va ilg'or xalqaro tajribalarni o'rganish asosida kambag'allikni qisqartirish bo'yicha Yangi O'zbekiston modeli ishlab chiqildi. Quyi bo'g'inda, mahalla miqyosida ishlash tizimi joriy etildi. Har bir oila bilan yakka tartibda ish olib borilib, daromadni oshirish uchun zarur mablag'lar ajratilmoqda. "Mahallalarni obodonlashtirish, xalq turmushini yaxshilash, tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar ajratilmoqda. Qishloqlar daromadini oshirish uchun paxta va g'alla ekiladigan maydonlar 235 ming gektarga qisqartirildi, aholiga 30-50 gektardan yer uchastkalari ajratildi. Bu 800 ming kishining daromadini oshirish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi", – deb yozilgan materiallarda.

Nashrlarda 2026-yilda Xivada xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar, hamkor davlatlar ishtirokida konferensiya o'tkazilishi ma'lum qilingan.

Bu borada Xitoy hukumati bilan hamkorlikda hozirdanoq keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda va muayyan muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. 10 mingdan ortiq o'zbekistonlik mutaxassislar Xitoyning kambag'allikka qarshi kurash tajribasini o'rganish maqsadida amaliyot o'tashdi. Muhimi, bu iqtisodiy va madaniy jihatlarni hisobga olgan holda O'zbekiston sharoitiga moslashtirilmoqda.

"Masalan, Shan'gan tumani misolida O'zbekistonning 30 ta tumani baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik kabi sohalarda kooperativ loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Fuping va Venchuan uyezdi tajribasidan kelib chiqqan holda, kam ta'minlangan oilalar ixtisoslashtirilgan ekin yetishtirishga, jumladan, yashil tashabbusni amalga oshirishga jalb qilinadi", – deb urg'ulangan manbalarda.

Tyanchjen 300 ta mahallada quyosh elektr stansiyalarini qurish namunasiga aylanadi, bu nafaqat elektr energiyasi, balki ish o'rinlari yaratish imkonini beradi.

Ehtiyojmand o'zbekistonliklarga tibbiy xizmat ko'rsatish dasturi Szibo shahri tajribasi tadbiq etiladi va 140 mingta kam ta'minlangan oilalar qamrab olinadi.

"Umuman olganda, Xitoy bilan hamkorlik O'zbekiston Prezidenti tomonidan 2030-yilgacha kambag'allikni qisqartirish bo'yicha qo'yilgan maqsadga erishishda keng ko'lamli rol o'ynashiga ishonish uchun barcha asoslar bor", – deb yozilgan maqolalar xulosasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish