O'zbekistonlik o'quvchilar Singapurda o'tkazilgan xalqaro matematika olimpiadasida bitta kumush va to'rtta bronza medallarini qo'lga kiritdi

Yanvar 23, 2024. 16:55 • 2 daq

407
O'zbekistonlik o'quvchilar Singapurda o'tkazilgan xalqaro matematika olimpiadasida bitta kumush va to'rtta bronza medallarini qo'lga kiritdi

SINGAPUR, 23-yanvar. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 19-21-yanvar kunlari Singapurda «Seamo X 2024» xalqaro matematika olimpiadasining final bosqichi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

«Seamo X 2024» xalqaro olimpiadasida O'zbekistondan 31 nafar o'quvchi qatnashdi. Quvonarlisi, besh nafar vakilimiz O'zbekiston sharafini munosib himoya qilib, sovrindorlar qatoridan o'rin egalladi.

Jumladan:

Muhammad Olimboyev – kumush;

Asilbek Qaxxorov – bronza;

Mirodil Mirzavaliyev – bronza;

Javoxirbek Akramjonov – bronza;

Jahongir Qilichev – bronza medalini qo'lga kiritdi.

Qolgan ishtirokchilarimiz faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

«Seamo X 2024» - bu Janubiy-Sharqiy Osiyo xalqaro matematika olimpiadasi bo'lib, unda dunyo bo'ylab 1-11-sinf o'quvchilari qatnashish huquqiga ega. Janubi-Sharqiy Osiyo matematika olimpiadasiga Singapurning Terri Chev akademiyasi tomonidan asos solingan.

Ushbu nufuzli xalqaro olimpiadada Avstraliya, AQSh, Singapur, Indoneziya, Yaponiya, Xitoy, O'zbekiston va boshqa mamlakatlar o'quvchilari faol ishtirok etib kelmoqda.

Mazkur xalqaro bilimlar bellashuvi milliy va xalqaro bosqichdan iborat. Milliy bosqich har yili oktyabr oyida o'tkaziladi. Xalqaro bosqich esa milliy bosqichning natijalari e'lon qilingandan so'ng har yili yanvar oyida tashkil etiladi.

Milliy bosqichda savollar ingliz, rus va o'zbek tillarida, xalqaro bosqichda esa faqat ingliz tilida taqdim etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish