O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
Iyul 24, 2026. 20:34 • 2 daq
• 51
TOSHKENT, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BAA Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida Shayx Mansur Ol Nahayon O‘zbekiston Prezidentini tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat hamda masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan yutuqlar tiladi.
O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yil yanvar oyida BAAga oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlar samarali amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan buyon savdo aylanmasi jadal o‘smoqda, loyihalarning umumiy portfeli 20 milliard dollardan oshdi, 400 dan ziyod qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda. Avgust oyidan “Etihad Airways” kompaniyasi Abu-Dabi – Toshkent yo‘nalishida kunlik aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi.
Yaqin muloqotni davom ettirish, yirik loyihalarni jadallashtirish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi