Logo

O'zbekiston Prezidenti 1-2 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan Qatarga boradi

Oktabr 01, 2023. 11:02 • 57 soniya

271
O'zbekiston Prezidenti 1-2 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan Qatarga boradi

TOSHKЕNT, 1-oktyabr. /«Dunyo» AA/.  O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 1-2 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo'ladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbarining matbuot xizmati ma’lumotiga ko'ra, tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar o'tkazilishi hamda "EKSPO Doxa-2023" – "Yashil sahro, yanada yaxshi atrof-muhit" xalqaro ko'rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etish ko'zda tutilgan.

Bo'lajak muzokaralarda yetakchilar O'zbekiston - Qatar hamkorligining holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladilar, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.

Davlat tashrifi yakunida turli sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Eslatib o'tamiz: O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy joriy yil 5-6 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo'ldi. Qatar rahbarining O'zbekistonga ushbu tashrifi ikki davlat o'rtasidagi 25 yildan ortiqroq diplomatiya munosabatlari davri mobaynidagi birinchi tashrif bo'ldi. Samarqanddagi muzokaralar yakunida ikki davlat yetakchilari davlatlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

O'zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati

arxividan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish