Logo

O'zbekiston Prezidenti telefon orqali muloqot chog'ida Rossiya Prezidentini tavallud kuni bilan tabrikladi

Oktabr 07, 2025. 19:46 • 49 soniya

36
O'zbekiston Prezidenti telefon orqali muloqot chog'ida Rossiya Prezidentini tavallud kuni bilan tabrikladi

TOSHKENT, 7-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston Prezidenti Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog'lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do'st Rossiya xalqiga esa ravnaq tiladi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O'zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O'zaro tovar ayirboshlash ko'rsatkichlarining o'sish sur'atini davom ettirish, yetakchi korxona va kompaniyalarning sanoat, energetika, qishloq xo'jaligi va boshqa ustuvor yo'nalishlardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlarining ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo'lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish