O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi
Aprel 27, 2026. 23:25 • 6 daq
• 237
(2026-yil 27-aprel, Marg‘ilon sh.)
Assalomu alaykum, muhtaram Farg‘ona ahli!
Qadrli do‘stlar!
Bugun qadimiy va betakror Farg‘ona zaminida ulkan tarixiy voqeaga guvoh bo‘lib turibmiz. Buyuk ipak yo‘li durdonasi bo‘lgan ko‘hna Marg‘ilon shahrida sizlar bilan birga “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilish marosimida ishtirok etmoqdamiz.
Siz azizlarni, butun Farg‘ona viloyati ahlini ana shunday quvonchli voqea, katta bayram bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mana shunday ulug‘vor majmua barchamizga muborak bo‘lsin!
Farg‘ona eli, butun xalqimizga ko‘p yillar davomida xizmat qilsin!
Hurmatli vatandoshlar!
Mehnatkash, oqko‘ngil va olijanob Farg‘ona ahliga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom ifodasi sifatida bu zaminda katta-katta ishlarni amalga oshiryapmiz.
Shu maqsadda, avvalo, viloyatni 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hayotga izchil tatbiq etilyapti. Jumladan, qadimiy Qo‘qon shahrini har tomonlama obod qilib, bu yerda aeroportni qayta tikladik. Marg‘ilon, boshqa shahar va tumanlar, qishloq va mahallalar qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ularga Yangi O‘zbekiston nafasi kirib bormoqda. Zamonaviy ishlab chiqarish majmualari, taʼlim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, IT-parklar, “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivlari barpo etilmoqda.
Bularning barchasi aholi uchun qulay mehnat va turmush sharoitlarini yaratish, har bir yurtdoshimizga mehr va eʼtibor ko‘rsatish, inson qadrini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Umuman, barcha soha va tarmoqlarda Farg‘ona o‘zining tajriba maktabiga ega bo‘lib borayotgani hammamizni xursand qiladi.
Ushbu hudud keyingi paytda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi yirik anjumanlarga ham mezbonlik qilmoqda. Qo‘qon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivali, Rishtonda kulolchilik anjumanini o‘tkazish yaxshi anʼanaga aylandi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining hududlararo hamkorlik forumlari ham Farg‘onada muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
Sizlarga maʼlumki, so‘nggi yillarda milliy meʼmorchilik yechimlarini qo‘llagan holda, tarixiy va zamonaviy anʼanalarni mujassam etgan yirik turistik majmualar barpo etishga alohida eʼtibor beryapmiz. Xususan, Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirildi.
Yaqinda azim poytaxtimizda ochilgan, Yangi O‘zbekiston durdonasi sifatida eʼtirof etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu borada ulkan qadam bo‘ldi. Taʼkidlash kerakki, ushbu majmua ekspozitsiyasida Farg‘ona tarixiga alohida o‘rin ajratilgan. Bu maskanda to‘rtta yirik portaldan bittasi Qo‘qon portali deb ataladi, Birinchi Renessansning buyuk namoyandalari – Ahmad Farg‘oniy va Burhoniddin Marg‘inoniy bobolarimiz faoliyati atroflicha yoritilgan. Bularning barchasi – Farg‘ona viloyatiga, bu zamin farzandlariga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Yana bir muhim jihati – ana shunday majmualar tufayli joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga 3 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi va turizm eksporti 1,1 milliard dollardan oshdi. Bu, albatta, dastlabki natija, kelajakda uning salmog‘i yana-da katta bo‘ladi deb ishonaman.
Qadrli farg‘onalik yurtdoshlarim!
Maʼlumki, bu so‘lim diyordan yetishib chiqqan, maʼnaviy hayotimizda o‘chmas iz qoldirgan Uvaysiy, Nodira, Anbar otin, Dilshod Barno, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Charxiy, Sobir Abdulla kabi shoir va adiblar nomlari xalqimiz o‘rtasida maʼlum va mashhur.
Shuningdek, Aziz Qayumov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Oxunjon Hakimov, Umarali Normatov, Enaxon Siddiqova, Anvar Obidjon singari olimlar, shoir va adiblar yaratgan asarlar ham xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylangan.
O‘zbek sanʼati va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Jo‘raxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Tavakkal Qodirov, Saodat Qobulova, Berta Davidova, Murodjon Ahmedov, Nabi Rahimov, Hamza Umarov singari ulug‘ sanʼatkorlar bilan butun xalqimiz faxrlanadi.
Bugungi davramizda Abduhoshim Ismoilov, Abdulahad Abdurashidov, Qilichbek Tojiyev kabi ustoz sanʼatkorlar bilan birga o‘nlab isteʼdodli yoshlarni ko‘rib turganimdan xursandman. Bu – Farg‘ona zaminida avlodlar o‘rtasidagi anʼanalar davom etayotganidan dalolatdir. Bugun ularning sanʼatidan bahramand bo‘lish ham biz uchun katta bayramdir.
Chindan ham, bizning qanday buyuk sanʼatimiz, o‘zining mahorat maktabiga ega bo‘lgan sanʼatkorlarimiz bor!
Shu o‘rinda sizlarga bir yangilikni yetkazmoqchiman.
Biz sanʼat ahlining mehnati va isteʼdodini qadrlash, ijodiy asarlarini kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha katta ishlarni reja qilyapmiz. Elimiz suygan mashhur hofizimiz Sherali Jo‘rayev, o‘zbek estrada sanʼati yulduzi Farrux Zokirovning alohida maktablarini tashkil etdik. Ushbu anʼanani davom ettirib, farg‘onalik ustoz sanʼatkorlarning ham mahorat maktablarini ochamiz.
Bundan tashqari, maʼnaviyat va maʼrifat, madaniyat va sanʼat vakillari bilan katta muloqot o‘tkazamiz. Ushbu muloqotda soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari suramiz.
Aziz do‘stlar!
Xalqimizda “To‘yga to‘yona bilan” degan yaxshi gap bor. Farg‘onaga bu safar ham yangi-yangi tashabbuslar, katta-katta loyihalar bilan keldim. Maqsad – viloyat rivojini yangi bosqichga olib chiqish, uni barcha sohalarda namunali hududga aylantirishdan iborat. Bugun ochilayotgan “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi shu yo‘lda, hech shubhasiz, yangi davrni boshlab beradi.
Milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida bunyod etilgan, 35 gektar maydonni egallagan betakror majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adib va sanʼatkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalari singari ko‘plab bino va inshootlarni o‘z ichiga oladi. Bularning barchasi, avvalo, Marg‘inoniy bobomizning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik anʼanalarini asrab-avaylash, ziyorat turizmini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ishonchim komil, Yangi O‘zbekiston moʻjizalari qatoridan munosib o‘rin egallaydigan bu muhtasham obida Farg‘ona viloyatining tashrif qog‘ozlaridan biriga aylanadi.
Bugun biz orzu qilayotgan yangi Buxoriy, Termiziy, Farg‘oniy, Xorazmiy va Marg‘inoniylar avlodi qayerdan yetishib chiqadi? Albatta, ular mana shunday maʼrifat, ilm va ziyo maskanlarida tarbiya topadi.
Shu maʼnoda, sizlar bilan birga kelajakka xizmat qiladigan juda katta ezgu ishni amalga oshirdik, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Biz ushbu majmuani aynan Marg‘ilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar ko‘plab ilm va maʼrifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlug‘ maskan “Maʼrifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan.
Biz ana shunday qudratli maʼnaviy merosimizga tayanib, Marg‘ilon, butun Farg‘ona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi.
Fursatdan foydalanib, majmuani barpo etishda ishtirok etgan olim va loyihachilarga, muhandis va quruvchilarga, ishchi va xizmatchilarga, ushbu olijanob ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatli insonlarga samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Ezgu ishlarimizda buyuk ajdodlarimizning ruhlari hamisha qo‘llab-quvvatlasin!
Yangi O‘zbekiston, Yangi Farg‘ona ravnaqi va shuhrati yana-da ziyoda bo‘lsin!
Katta rahmat sizlarga, doimo sog‘-omon bo‘linglar!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi