Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekistonning boy madaniy merosi va san’ati namoyish etildi
Iyun 07, 2026. 15:13 • 3 daq
• 74SANKT-PETERBURG, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PXIF) doirasida O‘zbekiston Fan va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mamlakatning boy tarixiy merosi va zamonaviy madaniy salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib etishga bag‘ishlab madaniy dastur taqdim etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan mazkur dastur ko‘rgazma loyihalari, ilmiy-ma’rifiy tadbirlar hamda yirik xalqaro opera sahnasi bilan ko‘pchilikning e’tiborni tortdi.
PXIFning o‘zi dunyodagi yirik iqtisodiy muloqot maydonlaridan biri bo‘lib,bu gal unda 130 dan ortiq davlat va hududlardan 20 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Forumning asosiy mavzusi “Pragmatik muloqot – barqaror kelajak sari yo‘l” mavzusida bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev plenar yig‘ilishda ishtirok etib, mamlakatning ochiqlik va inklyuzivlikka asoslangan taraqqiyot yo‘li haqida to‘xtalib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Madaniy dastur doirasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi yirik ko‘rgazmalar tashkil etildi. Jumladan, Faberje muzeyida ochilgan “YErdagi va osmondagi muhabbat. Vladimir va Konstantin Makovskiylar” ko‘rgazmasi xalqaro san’at hamkorligining muhim namunasi bo‘ldi. Unda turli mamlakatlarning 25 dan ortiq muzeyidan 170 ga yaqin asarlar namoyish etildi, O‘zbekiston esa o‘z kolleksiyasidan 9 ta eksponat bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, Sankt-Peterburg Ermitajining Bosh shtab binosida “Buxoro amirligi saroylari ochiqligi: Buxoro saroy san’ati” nomli markaziy ko‘rgazma ochildi. Ushbu loyiha Buxoro amirligi davridagi boy madaniy meros va hunarmandchilik an’analarini keng jamoatchilikka taqdim etishga qaratilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston muzeylaridan 58 ta, Ermitajdan esa 9 ta eksponat namoyish etildi.
Festivalning yirik madaniy voqeasi sifatida Mariinskiy teatri sahnasida Jorj Fridrix Gendelning “Tamerlano” operasi namoyish etildi. Yangi rejissyorlik talqinida tayyorlangan ushbu spektaklda Amir Temurning tarixiy obrazi zamonaviy san’at ifodalari bilan uyg‘unlashtirildi. Asarga o‘zbek milliy musiqa asboblari ham kiritilib, u o‘ziga xos madaniy sintez namunasiga aylandi.
Operada O‘zbekiston va xorijlik mashhur ijrochilar, jumladan, O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov ishtirok etdi. Tomosha taxminan 2000 nafar tomoshabinni jalb qildi va xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlovchi muhim voqea sifatida baholandi.
Umuman olganda, O‘zbekiston Fan va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan ushbu dastur mamlakatning madaniy merosini jahon maydonida faol targ‘ib qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va global madaniy muloqotni kuchaytirishga qaratilgan davlat siyosatining izchil davomi ekanini namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






