O‘zbekiston delegatsiyasi Finlyandiyaning ijtimoiy himoya tizimini o‘rgandi
Iyun 07, 2026. 15:18 • 3 daq
• 9XELSINKI, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. Elchixona ko‘magida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi delegatsiyasining Finlyandiyaga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrifning asosiy maqsadi Finlyandiyaning ijtimoiy himoya, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, huquqiy xizmatlar, mahalliy boshqaruv va davlat xizmatchilari malakasini oshirish sohalaridagi ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari Finlyandiyadagi turli davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, sohaga oid fikr-mulohazalar almashdi.
Xususan, Milliy ta’lim agentligi (EDUFI), Ta’lim va madaniyat vazirligi, “Edulyzer” kompaniyasi hamda Helsinki shahar meri o‘rinbosari Maarit Viyerunen bilan ijtimoiy xizmatlar sohasini rivojlantirish borasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida Finlyandiya tomoni ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish, ijtimoiy uy-joy siyosati, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, bolalar va oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish, ta’limni raqamlashtirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish hamda mahalliy boshqaruvning ijtimoiy sohadagi vakolatlari bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi.
“Y-Foundation” vakillari uysizlikning oldini olish va ijtimoiy uy-joy dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha Finlyandiya tajribasi bilan tanishtirdi. “Helsinki Deaconess Institution” rahbariyati bilan ehtiyojmand aholi qatlamlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda davlat va nodavlat sektorlari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.
Ta’lim sohasidagi uchrashuvlarda raqamli ta’lim platformalari, o‘quv jarayonini baholashning zamonaviy usullari, inklyuziv ta’lim siyosati va xalqaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Vantaa shahridagi “Lehtikuusi” maktabida inklyuziv ta’lim muhiti va maxsus ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar bilan ishlash amaliyoti o‘rganildi.
Finlyandiya Milliy huquqiy xizmatlar idorasida aholiga davlat tomonidan kafolatlangan huquqiy yordam ko‘rsatish tizimi, raqamli xizmatlar va huquqiy maslahat berish amaliyoti bo‘yicha fikr almashildi.
Helsinki shahar hokimligi va Finlyandiya shaharlari assotsiatsiyasi bilan o‘tkazilgan muloqotlarda mahalliy boshqaruv organlarining ijtimoiy siyosatni amalga oshirishdagi o‘rni, shahar miqyosida ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish va aholi bilan ishlash mexanizmlari muhokama qilindi.
Shuningdek, HAUS Davlat boshqaruvi akademiyasi rahbariyati bilan davlat xizmatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, qayta tayyorlash va zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish sohalarida hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Finlyandiya tomoni O‘zbekiston bilan ijtimoiy himoya, ta’lim, davlat va mahalliy boshqaruv sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi. Qator tashkilotlar ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, onlayn seminarlar tashkil etish va kelgusida hamkorlik memorandumlarini ishlab chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



