Logo

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki: hamkorlikning yangi imkoniyatlari

Sentabr 25, 2024. 12:07 • 2 daq

218
Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki: hamkorlikning yangi imkoniyatlari

SAMARQAND, 25-sentabr. /"Dunyo" AA/. Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) Boshqaruvchilar kengashining 9-yig'ilishi ochilishi arafasida mintaqaviy rivojlanishning asosiy masalalari va investitsiya loyihalari bo'yicha sessiyalar bo'lib o'tdi, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"OIIB bilan biznes yuritish: Biznes imkoniyatlari seminari" sessiyasi ishtirokchilarga bank bilan hamkorlik qilish istiqbollari uchun noyob imkoniyatni taqdim etdi. Tadbir biznes vakillari, investorlar va manfaatdor tomonlarni OIIBning joriy va istiqbolli loyihalari bilan tanishtirish, shuningdek, bank infratuzilmasi va investitsiya tashabbuslarida ishtirok etish mexanizmlarini muhokama qilishga qaratilgan.


Sessiyaning asosiy ma'ruzachisi OIIB vitse-prezidenti va bosh ma'muriy direktori Lyuk Eko Vuryanto bo'lib, u biznes imkoniyatlari, shuningdek, xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida so'nggi ma'lumotlar bilan o'rtoqlashdi.


Tadbirda, shuningdek, OIIB obyektlarini boshqarish va ma'muriy xizmatlar departamenti bosh direktori Den Yang, "Global Business Services Ltd" bosh direktori Murod Sattarov, "Nazar Business and Technology LLC" MCHJ boshqaruv direktori Madina Holmirzayeva, OIIB korporativ xaridlar bo'yicha katta mutaxassisi Evan Chjisyan Shan va boshqalar so'zga chiqdilar.


Taqdimotlarda xaridlar jarayonlarida shaffoflik va samaradorlik muhimligi ta'kidlandi. OIIB yetkazib beruvchilar uchun raqobatbardosh va inklyuziv muhit yaratish, shuningdek, mahalliy va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni faollashtirishga intilayotgani alohida ta'kidlandi.


Tadbirda, shuningdek, bankning korporativ xaridlar sohasidagi ustuvor yo'nalishlari, jumladan, samaradorlikni oshirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etish va raqamli texnologiyalardan foydalanish haqida so'z yuritildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish