Logo

Ashxobodda o'tkazilgan II Xalqaro matematika olimpiadasida o'zbekistonlik o'quvchilar 17 ta medal qo'lga kiritdi

Aprel 28, 2025. 13:48 • 2 daq

166
Ashxobodda o'tkazilgan II Xalqaro matematika olimpiadasida o'zbekistonlik o'quvchilar 17 ta medal qo'lga kiritdi

ASHXOBOD, 28-aprel. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 21-25-aprel kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida maktab o'quvchilari o'rtasida II Xalqaro matematika olimpiadasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur bilimlar bellashuvida 15 ta davlatdan 250 nafarga yaqin iqtidorli o'quvchilar o'zaro bellashdi. Olimpiadada O'zbekiston terma jamoasi a'zolari faol ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.

II Xalqaro matematika olimpiadasi yakunlariga ko'ra o'zbekistonlik o'quvchilar jami 17 ta medal – 4 ta oltin,

9 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo'lga kiritdi. Bu natija bolalarimizning yuqori saviyadagi bilim va tayyorgarligini yana bir bor namoyon qildi. Iqtidorli o'quvchilarimizdan Javohir Mamaqulov, Azizbek Mamajonov, Abdulaziz Radjabov va Mehmonbek Amanov oltin medal sohiblari bo'lishdi.

O'tgan yili Turkmanistonda bo'lib o'tgan Xalqaro matematika olimpiadasida O'zbekiston terma jamoasi 9 ta medalni qo'lga kiritgan edi. Bu yil erishilgan natijalar esa yurtimizda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan o'zgarishlarning natijadorligini va yosh avlodning intellektual o'sishidagi barqaror yutuqlarni yaqqol tasdiqladi.

Mazkur xalqaro musobaqa turli davlatlardan kelgan yosh avlod va o'qituvchilar o'rtasida do'stlik aloqalarini mustahkamlash, bilim va tajriba almashishga xizmat qildi. Barcha ishtirokchilar olimpiadaning yuksak saviyada tashkil etilgani, yaratilgan qulay shart-sharoitlar va samimiy mehmondo'stlik uchun Turkmaniston tomoniga alohida minnatdorlik bildirdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish