Logo

Avstriyadagi vatandosh: Germaniyada bo'lib o'tgan Yevropadagi vatandoshlar mintaqaviy forumi yangi sa'y-harakatlar va ilg'or tashabbuslar uchun mustahkam tagzamin vazifasini o'tadi

Aprel 12, 2025. 13:16 • 2 daq

91
Avstriyadagi vatandosh: Germaniyada bo'lib o'tgan Yevropadagi vatandoshlar mintaqaviy forumi yangi sa'y-harakatlar va ilg'or tashabbuslar uchun mustahkam tagzamin vazifasini o'tadi

VENA, 12-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida bo'lib o'tgan birinchi Yevropadagi vatandoshlar mintaqaviy forumi ishtirokchisi, Vena shahridagi Markaziy Yevropa universitetida magistranti Muhammadamin Dilmurodov "Dunyo" AA uchun intervyusida mazkur tadbirning ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Assalom alaykum, aziz yurtdoshlar! Men 5-aprel kuni O'zbekistonning Berlindagi elchixonasida bo'lib o'tgan Yevropada vatandoshlar mintaqaviy forumida ishtirok etdim va katta taassurotlar bilan qaytdim.


Ushbu forumda men kabi Yevropaning turli mamlakatlarida yashayotgan va bilim olayotgan o'zbekistonlik yoshlarni bir joyga jamladi. Bu bizga bilim va tajriba almashish imkoniyatini berdi. Forumda yevropada olgan tajribalarimizdan kelib chiqqan holda, O'zbekistonni har tomonlama rivojlanishiga hissa qo'shadigan taklif va tashabbuslar bildirildi. Takliflarimiz mutasaddilar, xususan "Vatandoshlar" jamoat fondi tomonidan qo'llab-quvvatlangani bizni quvontirdi.


Men ham Avstriyada olgan bilim va tajribalarimdan kelib chiqqan holda, O'zbekistonning moliyaviy tizimini yana-da mustahkamlash va rivojlanishiga hissa qo'shuvchi raqamlashtirilgan moliya va blockchainlarni yevropa tajribasini o'rgangan holda tadbiq etishni rejalashtiryapman. Forum davomida, shuningdek, O'zbekistonda sifatli va iste'molga yaroqli oziq-ovqat mahsulotlari isrofini kamaytirishga yordam beradigan ilova yaratish va Avstriyaning yuqori reytingli universitetlarida o'qishni istagan hamyurtlarimiz uchun maxsus dastur ishlab chiqish kabi takliflarim ilgari surdim.


Darvoqe, ona yurtidan uzoqda bo'lgan har bir inson milliy taomlari, qadriyat va an'analarini sog'inadi. Shu bois forum davomida tashkil etilgan bayram tadbirida biz o'zimizni O'zbekistonda yurgandek his qildik.


Muxtasar aytganda, Germaniyada bo'lib o'tgan birinchi Yevropadagi vatandoshlar mintaqaviy forumi, yosh hamyurtlarimizni birlashtirish, ona yurt taraqqiyoti yo'lida jipslashtirish, yangi sa'y-harakatlar va ilg'or tashabbuslar uchun mustahkam tagzamin vazifasini o'tadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish