Futbol bo'yicha O'zbekiston olimpiya terma jamoasining "Parij-2024"dagi debyut o'yini Fransiya OAV diqqat markazida
Iyul 26, 2024. 09:24 • 2 daq
• 178
PARIJ, 26-iyul. /"Dunyo" AA/. 24-iyul kuni Fransiya poytaxtidagi mashhur "Parc des Princes" stadionida bo'lib o'tgan futbol bo'yicha O'zbekiston va Ispaniya olimpiya terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuv mezbon mamlakat muxlislari va ommaviy axborot vositalarida katta qiziqish uyg'otdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Avvalo, mahalliy nashrlar yozgi Olimpiya o'yinlarida ilk bor ishtirok etayotgan O'zbekiston olimpiyachilarining ushbu turnirning favoritlaridan biri – ispanlarga qarshi munosib o'yin ko'rsatganini alohida ta'kidlamoqda.
Xususan, Fransiyaning yetakchi sport nashri "L'Equipe" o'yin haqidagi sharhida yozganidek, O'zbekiston olimpiya terma jamoasining ishonchli o'yini evaziga Ispaniya terma jamoasi mazkur bahsda minimal hisobda g'alaba qozongan bo'lsa-da, o'z salohiyatini to'liq ko'rsata olmadi.
"L'Equipe" ayniqsa, jamoamiz darvozaboni Abduvoxid Ne'matovning o'yinning 56-daqiqasida penaltini qaytarishga muvaffaq bo'lgan ishonchli o'yinini alohida e'tirof etgan.
"Le Nouvel Obs" gazetasining yozishicha, Parijning "PSJ" klubining uy arenasi hisoblangan 48 000 o'rinli stadion deyarli to'liq to'lgan. "O'yin davomida stadionda chinakam iliq, bayramona muhit hukm surdi va bu uchun o'zbekistonlik muxlislarga rahmat. O'zbekistonlik muxlislar o'zlarining nog'ora va qo'shiqlari bilan stadiondagi muhitga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi. Ilk bor Olimpiya o'yinlariga yo'llanmani qo'lga kiritgan O'zbekiston terma jamoasining ajoyib o'yini ham tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi", – deb ta'kidlagan nashr.
"Ouest-France" gazetasining yozishicha, O'zbekiston olimpiya terma jamoasi yozgi Olimpiya o'yinlarining ilk bahsida fransuz futbol ishqibozlari xayoliga ham kelmagan jihatlarni namoyish etdi. Ispaniya va O'zbekiston o'rtasidagi o'yin har jihatdan tomoshabop bo'ldi. "O'zbekistonlik muxlislar esa tribunalar uchun kurashda g'alaba qozondi", – deyiladi maqolada.
"sofoot.com" elektron nashrida e'lon qilingan ushbu mavzudagi maqolada ta'kidlanishicha, o'yin teng kurashlar ostida kechdi, omad tufayli g'alaba ispanlar foydasi hal bo'ldi. Abbosbek Fayzullayev O'zbekiston olimpiya terma jamoasi safida ham chap, ham o'ng qanotda hujumlar uyushtirish orqali faollik ko'rsatdi.
"Parc des Princes" stadioniga kelgan ko'plab muxlislari ko'magida O'zbekiston olimpiya terma jamoasi hech qanday bosimsiz o'yin oxirigacha hisobni tenglashtirishga harakat qildi. Mazkur g'alaba Ispaniyani "C" guruhida birinchi o'ringa olib chiqdi. Biroq, O'zbekiston bo'lajak raqiblari Misr va Dominikan Respublikasiga bo'lajak bahslar oson kechmasligi haqida oldindan xabar yubordi", – deb yozgan "sofoot.com".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Rossiya OAV: O‘zbekistonlik shaxmatchi jahon kubogining eng yosh g‘olibiga aylandi
O'zbekiston Milliy paralimpiya terma jamoasi xalqaro turnirda munosib ishtirok etdi