Logo

O'zbekiston diplomatlari Rossiyaning Tula viloyati rahbariyati bilan mehnat migratsiyasi masalasida muzokara o'tkazdi

Noyabr 09, 2025. 13:45 • 2 daq

272
O'zbekiston diplomatlari Rossiyaning Tula viloyati rahbariyati bilan mehnat migratsiyasi masalasida muzokara o'tkazdi

TULA, 11 noyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning Tula viloyati hokimligi bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish masalasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv O'zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi hamda Migratsiya agentligi vakolatxonasi tashabbusi bilan o'tkazildi. Unda Tula viloyati hokimligi rahbariyati, iqtisodiyot, mehnat va ijtimoiy soha mas'ullari, mahalliy korxonalar vakillari ishtirok etdi.

Suhbat jarayonida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolar huquqini himoya qilish va ularni qonuniy ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston delegatsiyasi bu yerda mehnat faoliyati olib borayotgan hamyurtlarimizga yaratilgan shart-sharoit, ularga ko'rsatilayotgan e'tibor xususida to'xtalib o'tdi. Shu bilan birga, ishlash huquqini beruvchi patent narxlari va uning mehnat bozoriga ta'siri haqida fikr-mulohaza bildirildi.

Tomonlar O'zbekiston fuqarolarining mehnat sharoiti, ijtimoiy va tibbiy himoyasi yuzasidan muntazam monitoring o'tkazish, mavjud muammolarni hal etish bo'yicha hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunida migratsiya masalalari bo'yicha qo'shma ishchi guruh tuzish, ishchilarning ish sharoitini o'rganish va yuzaga keladigan muammolarni o'z vaqtida bartaraf etish yuzasidan turli kelishuvlarga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish