O'zbekiston sayyohlik salohiyati Ispaniyaning Saragosa shahrida taqdim etildi
Iyul 09, 2025. 15:30 • 2 daq
• 54
SARAGOSA, 9-iyul. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning Saragosa shahrida "O'zbekistonga sayohat: Markaziy Osiyo durdonasi" mavzusida yurtimiz sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Taqdimot mamlakatimiz elchixonasi va Ispaniyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalaridan biri – "Viajes El Corte Inglés" bilan birgalikda tashkil etildi.
Unda "Viajes El Corte Inglés" kompaniyasi hamkorlari, hududdagi yetakchi sayyohlik agentliklari va ishbilarmon doiralari vakillari, OAV xodimlari hamda Saragosa shahri aholisi ishtirok etdi.
Yig'ilganlar O'zbekistonning turizm salohiyati, tarixiy-madaniy diqqatga sazovor joylari, an'analari, milliy oshxonasi hamda xorijiy sayyohlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqidagi muhim ma'lumotlar bilan tanishdilar.
"Viajes El Corte Inglés" vakillarining aytishicha, hududda bunday formatdagi tadbir birinchi marta ko'plab ishtirokchilarni jalb etgan holda o'tkazilmoqda.
"Taqdimot haqidagi axborot materiallari va e'lon hududdagi ommabop "El Periódico de Aragón" gazetasida chop etilgani keng jamoatchilik e'tiborini tortdi. Shuningdek, ularning O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bo'lgan qiziqishini oshirdi", – dedi kompaniya xodimi.
Shuningdek, anjuman davomida O'zbekiston tomoni bilan sheriklikni kengaytirish istagida bo'lgan sayyohlik agentliklari bilan muzokaralar o'tkazildi. Muzokaralar yakunda O'zbekistonni yangi va o'sib borayotgan turizm markazi sifatida Ispaniyaning boshqa hududlarida ham targ'ib qilish, sayyohlar almashinuvini ko'paytirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Dunyo bo'ylab 500 dan ortiq vakolatxonalarga ega bo'lgan "Viajes El Corte Inglés" kompaniyasi Ispaniya sayyohlik bozorining asosiy ishtirokchilaridan biri hisobladi. Ushbu kompaniyaning O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga bo'lgan qiziqishi mamlakatimizni Ispaniya bozorida ilgari surish uchun yangi istiqbollarni ochadi va ikki tomonlama turizm aloqalarini rivojlantirishni rag'batlantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston norvegiyaliklar uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishiga aylanmoqda
Malayziya sayyohlik kompaniyalari bilan turizm bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Budapeshtda O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha aksiya o‘tkazildi