Logo

"Turkmaniston – Xorazm – Qoraqalpog'iston – Qozog'iston" yo'nalishida turistik yo'lak–halqa ishlab chiqildi

Avgust 20, 2025. 09:47 • 2 daq

113
"Turkmaniston – Xorazm – Qoraqalpog'iston – Qozog'iston" yo'nalishida turistik yo'lak–halqa ishlab chiqildi

TOSHKENT, 20-avgust. /"Dunyo" AA/. "Turkmaniston – Xorazm – Qoraqalpog'iston – Qozog'iston" yo'nalishida turistik yo'lak – halqa ishlab chiqildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston turizm qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston Prezidentining "2025–2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin ko'paytirish va turistik xizmatlar ko'lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o'rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmonida transchegaraviy qo'shma turistik marshrutlarni kengaytirish maqsadida "Turkmaniston – Xorazm – Qoraqalpog'iston – Qozog'iston" yo'nalishida turistik yo'lak-halqani yaratish belgilangan.


Mazkur Farmonga asosan, transchegaraviy hamkorlik doirasida yangi turistik yo'nalish – "Turkmaniston – Xorazm – Qoraqalpog'iston – Qozog'iston" yo'nalishidagi turistik yo'lak-halqa ishlab chiqildi.


Turizm qo'mitasi tegishli tashkilotlar hamda xususiy sektor vakillari bilan hamkorlikda mazkur yo'nalishni sayyohlar uchun qulay, mazmunli va madaniy boy kontentga ega qilib shakllantirdi.


Yo'nalishda sayyohlar quyidagi turizm turlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladi:


Gastronomik turizm – har bir mintaqaning milliy taomlari bilan tanishish;


Ekoturizm – tabiiy go'zalliklar va landshaftlar bag'rida dam olish;


Etnoturizm – xalq urf-odatlari, an'analari va hunarmandchilik namunalari bilan tanishish;


Ziyorat turizmi – muqaddas qadamjolar va tarixiy-ma'naviy obidalarni ziyorat qilish.


Yo'nalish doirasida YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan hamda milliy va mintaqaviy ahamiyatga ega 15 dan ortiq obekt qamrab olingan. Jumladan:


Turkmanistonda – Qadimgi Marv shahri, Darvoza gaz krateri, Ko'xna Urganch;


Xorazmda - Ichan qal'a, Dushan qal'a;


Qoraqalpog'istonda - I.V. Saviskiy muzeyi, Qizil qal'a, Chilpiq qal'a, Sulton Uvays Bobo ziyoratgohi, Tuproq qal'a, Ayoz qal'a;


Qozog'istonda – Torish vodiysi, Bo'zjira vodiysi, Shaqpaq Ota maqbarasi, Sherqal'a tog'i.


Bu turistik halqa nafaqat sayohat ixlosmandlari, balki madaniyat, tarix, san'at va tabiatni sevuvchilar uchun ham chinakam kashfiyot bo'lishi mumkin.


Sayyohlar va turistik tashkilotlarga mazkur yo'nalish bo'yicha mustaqil ravishda yoki turistik guruhlar tarkibida betakror sarguzashtlarga boy sayohatlarni tashkil etish tavsiya etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish