Logo

Hindistonning ommabop sayyohlik jurnali o'z o'quvchilarini O'zbekistonning betakror jozibasi va zamonaviy mo'jizalarini kashf etishga chorlamoqda

Mart 11, 2024. 14:13 • 2 daq

176
Hindistonning ommabop sayyohlik jurnali o'z o'quvchilarini O'zbekistonning betakror jozibasi va zamonaviy mo'jizalarini kashf etishga chorlamoqda

DEHLI, 11-mart. /"Dunyo" AA/. Hindistonning "Travel Trade Journal" sayyohlik jurnalida mamlakatimizning mehmondo'stlik sohasi salohiyatiga bag'ishlangan "O'zbekistonning betakror jozibasi va zamonaviy mo'jizalarini kashf eting" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston doimo o'zining boy tarixi, rang-barang madaniyati va hayratga soluvchi tabiat manzaralari bilan jozibali maskan bo'lib kelgan, – deyiladi nashrda. – Ushbu o'lka tarixga qiziquvchilarni ham, noyob madaniy-ma'rifiy tajriba izlovchilarni ham o'ziga tortadigan maskandir. O'zbekistonning sayyohlik takliflari muntazam tarzda rivojlanib bormoqda va mamlakat barcha sayyohlar manfaatlarini qamrab oladigan izchil va jozibador yo'nalish yaratish bo'yicha faol ish olib bormoqda".

Maqolada O'zbekiston Ipak yo'li qadimiy savdo tarmog'ining muhim qismi bo'lgani va bugungi kunda mamlakatga tashrif buyuruvchilar Samarqand, Buxoro va Xiva kabi yaxshi saqlanib qolgan tarixiy shaharlar bilan tanishishi mumkinligi ta'kidlangan.

"Poytaxt Toshkent zamonaviylik va azaliy an'analarning ajoyib uyg'unligini taqdim etadi. O'zbek oshxonasi rang-barang va mazali bo'lib, mahalliy aholi o'zining mehmondo'stligi va samimiyligi bilan nom qozongan. Mamlakatda hunarmandchilikning boy an'analari davom ettirilmoqda", deb yozgan muallif.

Maqolada bugun Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarda keng qamrovli o'zgarishlar amalga oshirilayotgani, tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish va yangi diqqatga sazovor joylar bunyod etishga alohida e'tibor qaratilayotgani qayd etilgan. Nashr jurnalisti maftunkor o'zbek qadimiy shaharlari va boshqa e'tiborga molik maskanlar bilan tanishish uchun O'zbekistonga kamida olti-yetti kunlik sayohat rejalashtirishni tavsiya qilgan. "Mamlakatning geografik xilma-xilligi va madaniy boyligini bu yerda yilning turli fasllarida uzoqroq vaqt davomida bo'lib turish orqali his qilish mumkin", deb fikr bildirgan u.

Maqola muallifi O'zbekiston elchixonasi tomonidan Mumbai shahrida o'tkazilgan mamlakatimiz sayyohlik salohiyatining yorqin taqdimot marosimi haqida ham batafsil to'xtalib o'tgan.

"Road-shou O'zbekistonning Hindiston turizm sektori uchun turli xil sayyohlik takliflarini namoyish etish, turoperatorlarning jozibador yo'nalishlar haqida xabardorligini oshirish va ularning mamlakatni qiziqarli turizm markazi sifatida targ'ib qilishga qiziqishini rag'batlantirishga qaratildi", deb urg'ulangan "Travel Trade Journal" jurnalida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish