Logo

Berlinda O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan "Sommerfest – 2025" festivali o'tkazildi

Iyul 03, 2025. 12:31 • 4 daq

109
Berlinda O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan "Sommerfest – 2025" festivali o'tkazildi

BERLIN, 3-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida Germaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi (DRV) bilan birgalikda "Sommerfest –2025" festivali o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Festival O'zbekiston turizm salohiyatini keng targ'ib etish va soha vakillari bilan xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida tashkil etildi.

Unda Germaniya Bundestagining Turizm qo'mitasi raisi Anya Karlichek, parlament deputatlari, federal vazirlik va idoralar vakillari, Berlindagi diplomatiya vakolatxonalari rahbarlari va vakillari, Yevropaning yirik sayyohlik kompaniyalari va turagentliklari, yetakchi aviakompaniyalar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirning rasmiy ochilish qismida so'zga chiqqan mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov ishtirokchilarni O'zbekistonning turizm salohiyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi sayyohlik yo'nalishlari, barpo etilayotgan zamonaviy infratuzilmalar hamda soha rivoji uchun sarmoya kiritishga tayyor investorlar uchun yaratilgan qulaylik va imtiyozlar bilan tanishtirdi.

Islohotlar samarasi sifatida O'zbekiston eng jozibador turizm mamlakatlaridan biriga aylanib borayotgani, xususan, 2022-yilda 5,2 million xorijiy sayyoh O'zbekistonga kelgan bo'lsa, 2024-yilda esa ularning soni 10 milliondan oshgani ta'kidlandi. Bu ko'rsatkichlar bilan O'zbekiston o'n milliondan ortiq xorijiy sayyohlarni qabul qiladigan dunyoning 28 davlati qatoridan joy olgani urg'ulandi. Shuningdek, Yevropa mamlakatlaridan sayyohlar soni oshib borayotgani, o'tgan yilning o'zida Germaniyadan 38 mingga yaqin turist tashrif buyurgani qayd etildi.

Yangi O'zbekiston xalqaro darajada e'tirof etilayotganligi, jumladan, mamlakatimiz 121 mamlakatni o'z ichiga olgan "Safety Perception Index 2023" – dunyoning eng xavfsiz mamlakatlar reytingida 1-o'rinni egallagani, Angliyaning "Lonely Planet" sayyohlik nashriyoti tomonidan "2024-yilning eng yaxshi turistik yo'nalishi" va "2024-yil uchun eng orzu qilingan yangi sayyohlik maskani" nominatsiyalari g'olib bo'lgani hamda "Wanderlust Reader Travel Awards" mukofoti va boshqa bir qator sovrinlar bilan taqdirlangani ma'lum qilindi. Joriy yil kuz faslida YUNESKO Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi oradan 40 yil o'tib, birinchi marta Parijdan tashqarida, ya'ni Samarqandda bo'lib o'tishi xalqaro e'tirof sifatida ta'kidlandi.

Diplomatik vakolatxonasi rahbari so'zining yakunida xorijiy mamlakatlarda O'zbekistonning turizm elchilari tayinlangani haqida aytdi va Germaniyadan tayinlangan ikki nafar turizm elchisiga O'zbekiston Turizm qo'mitasi tomonidan taqdim etilgan maxsus sertifikatlarni tantanali topshirdi.

Germaniya Bundestagi turizm qo'mitasi raisi Anya Karlichek o'z so'zida, qadimiy va sayyohlar uchun maftunkor O'zbekiston bugun sayyohlik imkoniyatlarini yana-da yuksaltirgan holda kelajak tomon odimlab borayotgani, mamlakat turizmga iqtisodiy taraqqiyotning tayanchi sifatida qarayotgani ma'lum qildi. Parlamentning turizm qo'mitasi bu yo'lda mamlakatni qo'llab-quvvatlash va yana-da tanitishga o'z hissasini qo'shishga tayyorligini bildirdi.

Germaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi (DRV) prezidenti Norbert Fibig o'z mamlakatidan turistlar oqimini yana-da oshirish uchun hamkorlikni davom ettirishdan mamnunligini bildirdi.

Festival davomida mamlakatimizdan kelgan taniqli san'at ustalari tomonidan o'zbek milliy kuy va qo'shiqlar ijro etildi. Shuningdek, o'zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi tashkil etildi.

Anya Karlichek, Germaniya Bundestagi turizm qo'mitasi raisi:

– Turizm nafaqat insonlarning bilim va tafakkurini yuksaltiradi, balki tinchlik va xalqlar o'rtasidagi do'stlik aloqalarini mustahkamlaydi. O'zbekiston noyob madaniy merosga ega, uning qadimiy Ipak yo'lida joylashganligi, madaniy xilma-xilligi va ayniqsa, bugun katta odimlar bilan rivojlanib borayotgani, dunyo madaniyatiga qiziqadigan nemis xalqi uchun sevimli turistik maskanga aylantirmoqda.

Norbert Fibig, Germaniya sayyohlik agentliklari uyushmasi prezidenti:

– 2022-yilda sohamizning eng yaxshi vakillaridan iborat delegatsiya bilan O'zbekistonda bo'ldik. Oradan bir yil o'tib 80 ga yaqin sayyohlik agentliklari va turoperatorlar xodimlariga O'zbekiston bilan yaqindan tanishish imkonini yaratdik. Natijada sayyohlar soni ikki baravarga ko'paydi.

 Menimcha xalqlar urf-odati, madaniyatiga qiziqadigan sayyohlar uchun O'zbekiston kelajakda eng katta ahamiyatga ega maskanga aylanadi. Biz O'zbekistonni Germaniya uchun jozibador sayyohlik maskani sifatida tanitish, bu ishda doim yordam berishga tayyormiz. Mamlakatlarimiz o'rtasida foydalanilmagan salohiyat va imkoniyatlar juda katta. Hamkorlikni rivojlantirish uchun O'zbekiston tomonidan barcha zarur sharoitlar yaratilgan, biz Germaniya turizm uyushmasi, Germaniyaning turistik sanoati sifatida bu hamkorlikni yaqindan qo'llab-quvvatlaymiz.

Gerhardt Birkl, "Uzbekistan-online" va "Uzbekistan-Gallerie" onlayn nashrlar rahbari:

– O'zbekiston madaniyati va san'atini juda qadrlayman. Shu sababli ham bundan 15 yil muqaddam O'zbekistonga bag'ishlangan onlayn nashrlarni tashkil qildim. Hozirga qadar ular orqali mamlakatingizning qadimiy shaharlari, boy madaniy merosi, madaniyatini keng targ'ib qilib kelayapmiz. O'zbekistoning turizm elchisi sifatida tayinlov ko'p yillik mehnatim uchun berilgan baho hamda kelajakda O'zbekiston sayyohlik salohiyatini yana-da tanitish uchun katta mas'uliyat hamdir. O'zbekistonni Germaniyada yana-da tanitish, mamlakatlarimiz o'rtasida do'stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun bor kuch-g'ayratim va imkoniyatlarimni safarbar qilaman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish