Logo

Belgiya poytaxtida Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko'rishga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

Iyul 10, 2025. 10:03 • 3 daq

214
Belgiya poytaxtida Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko'rishga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

BRYUSSEL, 10-iyul. /"Dunyo" AA/. Belgiya poytaxtida Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlikning borishiga bag'ishlangan maxsus tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda yurtimiz sayyohlik salohiyati taqdim etildi va O'zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi turizm bo'yicha elchisi etib tayinlangan Antonio Buskardini tanishtirildi.

Tadbir mamlakatimizning Benilyuks davlatlaridagi elchixonasi tomonidan O'zbekiston Turizm qo'mitasi va "Travel Tomorrow" mediakompaniyasi bilan birgalikda Bryussel press-klubi ko'magida tashkil etildi. Unda Belgiyadagi diplomatik korpus, ommaviy axborot vositalari, turizm va madaniy hamjamiyatlari vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston diplomatlari o'z ma'ruzalarida so'nggi 40 yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining muhim xalqaro ahamiyati haqida to'xtaldilar. Asrlar davomida muloqot, bag'rikenglik va ochiqlik ramzi bo'lib kelgan qadimiy Samarqand shahrida bunday nufuzli tadbirning o'tkazilishining muhimligi ta'kidlandi.

Hukumat tomonidan Bosh vazir raisligida tashkiliy qo'mita tuzilgani, "yashil" yechimlar rejasi amalga oshirilgani, viza tartib-taomillari soddalashtirilgani ma'lum qilindi.

O'zbekiston bo'lajak tadbirga xalqaro hamkorlik va aloqalarni mustahkamlash, jumladan, yoshlarni rivojlantirish, ta'lim va merosni asrab-avaylash sohalarida uzoq muddatli sarmoya sifatida qarashi aytib o'tildi.

Respublikaning madaniy diplomatiya va barqaror turizmning yangi markazi sifatidagi muhim roliga e'tibor qaratildi. O'zbekiston dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan talabalar soni bo'yicha Markaziy Osiyoda birinchi o'rinni egallaganiga urg'u berildi. Madaniy merosni muhofaza qilish va ommalashtirish sohasidagi siyosat, jumladan, Parij, Berlin, Venetsiya va Yevropaning boshqa shaharlarida o'tkaziladigan xalqaro ko'rgazmalar orqali faol amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston Turizm qo'mitasi raisi maslahatchisi Farhod Fayzullayev o'z ma'ruzasida, mamlakatimizda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'zlab berdi.

Samarqand 2023-yilda Butunjahon sayyohlik poytaxti deb e'lon qilingani, "CNN Travel" va "Lonely Planet" kabi nashrlar O'zbekistonni eng yaxshi sayyohlik yo'nalishlari ro'yxatiga kiritgani ta'kidlandi.

Mamlakatimizda aeroportlar modernizatsiya qilinmoqda, madaniy, ziyorat, ekologik va gastronomik turizm rivojlanmoqda. Yevropa, jumladan, Benilyuks mamlakatlari turoperatorlari bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bryussel press-klub prezidenti, mediakompaniya rahbari Antonio Buskardini YUNESKO Bosh konferensiyasining O'zbekistonda o'tkazilishi xalqaro hamjamiyatning mamlakatimizga ishonchi, Yangi O'zbekistonning ta'lim, fan va madaniyat sohasidagi muvaffaqiyatlari e'tirof etilganidan dalolatdir, degan fikrni bildirdi. U Samarqand haqidagi taassurotlari bilan ham o'rtoqlashdi.

Tadbir davomida dunyo bo'ylab 400 milliondan ortiq xonadonni qamrab olgan "TV5Monde" telekanali uchun Antonio Buskardini media kompaniyasi tomonidan tayyorlangan "Embarquement: Samarkand" hujjatli filmi namoyish etildi.

Antonio Buskardiniga O'zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi turizm bo'yicha faxriy elchisi etib tayinlanganligini tasdiqlovchi sertifikatning topshirilishi anjumanning muhim qism bo'ldi.

–O'zbekiston tomoniga Faxriy elchi lavozimiga tayinlanganim uchun uchun samimiy minnatdorlik bildiraman, – dedi u. – O'zbekiston sayyohlik salohiyati, boy madaniy va tarixiy merosini Benilyuks mamlakatlarida keng targ'ib qilish uchun buyon ham barcha sa'y-harakatlarimni safarbar etaman.

Ishtirokchilarning aytishicha, tadbir nafaqat fikr va rejalar almashish maydoni, balki O'zbekistonning mas'uliyatli hamda jozibador xalqaro hamkor sifatidagi nufuzini mustahkamlashda muhim qadam bo'ldi.

Mazkur anjuman O'zbekistonga Markaziy Osiyoning madaniy, turistik va diplomatik markazi sifatida e'tibor kuchayib borayotganini tasdiqladi. Shuningdek, u O'zbekiston Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg milliy turizm assotsiatsiyalari o'rtasida sheriklik aloqalarini o'rnatishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Tadbir yakunida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga puxta tayyorgarlik ko'rish mamlakatimizning global maydonda ochiq, barqaror va inklyuziv rivojlanishga intilishining yorqin ifodasi ekanligi yana bir marotaba urg'ulandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish