Logo

O'zbekistonda ochilayotgan yangi sayyohlik yo'nalishlari Yaponiyada taqdim etildi

May 03, 2025. 13:42 • 2 daq

74
O'zbekistonda ochilayotgan yangi sayyohlik yo'nalishlari Yaponiyada taqdim etildi

TOKIO, 4-may. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Yaponiyaning "GNH Travel Co.Ltd" kompaniyasi bilan birgalikda O'zbekistonning turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston elchisi Muxsinxo'ja Abdurahmonov tadbirning ochilish qismidagi nutqida, so'nggi yillarda mamlakatimizda xorijiy sayyohlarga yaratilgan sharoit va qulayliklar, yangi barpo qilingan jahon standartlari asosida mehmonxonalar, savdo maskanlari haqida so'z yuritdi. Diplomat yapon sayyohlik kompaniyalarini O'zbekistonda faoliyat olib borishga chaqirdi.

Shundan so'ng elchixona xodimlari tomonidan yurtimiz salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi. Uda YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan mamlakatimizning tarixiy binolari va obidalari haqida ma'lumot berildi.

Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz kabi tarixiy shaharlarimizning turizm salohiyati, yapon sayyohlari uchun qiziqish uyg'otishi mumkin bo'lgan o'zbek urf-odatlari, taomlari va turizm marshrutlari to'g'risida ta'kidlandi.

Mamlakatimizning yangi turizm kontentlari sifatida O'zbekiston hududlarining geotermal turizm salohiyati, tabiiy buloqlarning shifobaxsh xususiyatlari qayd etildi.  Qashqadaryo viloyatida joylashgan G'yelon qishlog'ining sayyohlik salohiyati, boy tabiati, o'ziga xos urf-odatlari to'g'risida so'zlab berildi. Shuningdek, ushbu hududda barpo etilishi rejalashtirilgan "G'yelon" turistik-rekreatsion zonasi imkoniyatlariga e'tibor qaratildi.

"GNH Travel Co.Ltd" kompaniyasining tashqi turizm departamenti direktori Satoshi Yamana o'z navbatida, yapon sayyohlari orasida O'zbekistonga bo'lgan qiziqish tobora ortib borayotganini bildirdi. Uning aytishicha, O'zbekistonga safar qilish bo'yicha murojaatlar o'tgan yilga nisbatan ikki barobarga ko'paygan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish