BMTda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari yuzasidan brifing o‘tkazildi
Dekabr 06, 2025. 11:53 • 3 daq
• 407
NYU-YORK, 6-dekabr. /“Dunyo” AA/. BMT bosh qarorgohida Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari va Ozarbayjon diplomatik vakolatxonalari vakillari tomonidan brifing o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda 15–16 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari haqida BMT matbuot xizmati va ommaviy axborot vositalari xodimlariga batafsil maʼlumot berildi.
Brifingda Maslahat uchrashuvi davomida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish borasida qator muammolarga samarali yechim topishga muvaffaq bo‘lingani taʼkidlandi.
Xususan, davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli 2025 yil mart oyida Xo‘jandda imzolangan Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma chegara muammolarini hal qilishda tarixiy yutuq bo‘ldi. Natijada, hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi, o‘tkazish punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, transport aloqalari tiklandi, faol savdo, investitsiyaviy va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Bugun Markaziy Osiyo barqaror o‘sish va taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan jadal rivojlanish va samarali hamkorlik makoni ekani taʼkidlandi. Mintaqa jadal surʼatlar bilan jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashmoqda. Uning investitsiyaviy jozibadorligi o‘smoqda, uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport imkoniyatlari kengaymoqda, tranzit salohiyati oshmoqda.
Xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilik tahdidlariga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlarga eʼtibor qaratildi.
Brifingda BMT Xavfsizlik Kengashining 2027–2028 yillarga mo‘ljallangan muvaqqat aʼzoligiga Qirg‘iziston nomzodi bo‘yicha BMTga aʼzo davlatlarga murojaatnoma imzolangani maʼlum qilindi.
Ozarbayjonning to‘laqonli ishtiroki to‘g‘risidagi qaror Maslahat uchrashuvlariga kuchli surʼat bag‘ishlaydigan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha yaxlit yechimlarni ishlab chiqish uchun yangi ufqlar ochadigan strategik qadam bo‘lgani qayd etildi. Bu Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik yaratishga imkon beradi.
Xavfsizlik muammolarini hal etish, mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashish va mintaqaviy sheriklar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash borasidagi hamkorlikning keng qamrovli asosi bo‘lgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi qayd etildi.
Bundan tashqari, tasdiqlangan 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyoda xavfsizlikka tahdidlar va ularning oldini olish chora-tadbirlari katalogi transmilliy jinoyatchilik va ekstremizmdan tortib kibertahdidlar va ekologik xavf-xatarlargacha bo‘lgan yuzaga kelayotgan tahdidlarga muvofiqlashtirilgan mintaqaviy harakatlar orqali qarshi turish uchun amaliy yo‘l xaritasidir.
Xulosa qilib aytganda, Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi Markaziy Osiyo mamlakatlarining birdamligini, hamkorlik, barqarorlik va taraqqiyotga ko‘maklashish borasidagi qatʼiyatini namoyish etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi