Logo

Tokioda yaponiyalik maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimot qilindi

Mart 28, 2026. 16:30 • 2 daq

101
Tokioda yaponiyalik maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimot qilindi

TOKIO, 29-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Saytama prefekturasi turizm boshqarmasi bilan hamkorlikda tanishuv tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Saytamadagi “Koshigaya Kita High School” maktabining 30 nafar bitiruvchi o‘quvchisi, o‘qituvchilar hamda prefektura turizm boshqarmasi vakillari ishtirok etdilar.

Tashrif doirasida yaponiyalik yoshlarga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, sayyohlik salohiyati va taʼlim turizmi imkoniyatlari haqida batafsil taqdimot o‘tkazildi. Xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarning meʼmoriy obidalari, milliy anʼanalari va o‘zbek oshxonasining betakror taomlari haqida qiziqarli maʼlumotlar berildi.

Tadbir avvalida tashkil etilgan “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzusidagi viktorina o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, mehmonlarga O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy mehmonxonalar va qulay transport tizimini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berildi.

Uchrashuv davomida Saytama prefekturasi turizm boshqarmasi rahbariyati bilan alohida muzokaralar o‘tkazildi. Unda Saytama maktablari o‘quvchilari uchun O‘zbekistonga maxsus “maktab sayohatlari”ni (school trips) tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Yaponiyalik pedagogik jamoa va o‘quvchilar O‘zbekistonning mehmondo‘stlik anʼanalarini yuqori baholab, bu kabi uchrashuvlar ikki xalq yoshlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish