Logo

JIDU va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasida amaliyot o'tamoqda

Sentabr 12, 2025. 09:12 • 2 daq

132
JIDU va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasida amaliyot o'tamoqda

ISLOMOBOD, 12-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasida amaliyot o'tamoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Tashqi siyosiy faoliyat uchun yetuk va malakali kadrlar bazasini shakllantirish maqsadida O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalarida xalqaro munosabatlar va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo'nalishlarida ta'lim olayotgan iqtidorli talabalarni xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimizda amaliyot o'tashga yuborish tajribasi yo'lga qo'yilgan.


Shu maqsadda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bir guruh faol va tashabbuskor talabalari O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasida kasbiy amaliyot ko'nikmalari bilan tanishmoqda.


Talabalar elchixona faoliyatining asosiy yo'nalishlari, kundalik diplomatik ishlari, shuningdek, xalqaro munosabatlarning amaliy jihatlarini har tomonlama o'rganmoqda.


Ular diplomatik protokol qoidalari, xalqaro huquq normalarini qo'llashning amaliy mexanizmlari, ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo'yicha siyosiy va iqtisodiy tashabbus hamda takliflarni ishlab chiqish jarayonlari bilan bevosita tanishyapti.


Shu bilan birga, talabalar hamkor tomon bilan muzokaralar olib borish usullari, diplomatik yozishmalarni yuritishning tartib-taomillari, rasmiy xat-xabarlar va diplomatik nota almashish bo'yicha bilimlarini mustahkamlamoqda.


Elchixonadagi amaliyot jarayoni talabalarga nafaqat kuzatuvchi sifatida, balki bevosita ishtirokchi sifatida ham qatnashish imkoniyatini bermoqda. Ular uchrashuvlar, muzokaralar va rasmiy tadbirlarni tashkil qilish hamda o'tkazish jarayonlarini jonli kuzatish orqali kelgusida diplomatik xizmatda faoliyat yuritish uchun zarur bo'lgan ko'nikmalarni egallayapti.


Amaliyotchilar O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan elchixona tomonidan o'tkazilgan tantanali tadbirga tayyorgarlik ko'rish va uni muvaffaqiyatli tashkil etish bilan bog'liq jarayonda ham faol ishtirok etdi. Bu jarayon talabalarning tashkilotchilik, jamoada ishlash va mas'uliyatni his qilish kabi muhim shaxsiy sifatlarini rivojlantirdi.


Elchixonadagi mazkur amaliyot yosh mutaxassislar uchun nafaqat nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg'unlashtirish imkoniyatini yaratdi, balki ularda zamonaviy diplomatiya talablariga mos ko'nikmalarni mustahkamlashga ham xizmat qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish