O‘zbekistonda muhim minerallar xomashyo bazasi kengaytirilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi

Июнь 15, 2026. 18:25 • 4 дақ

108
O‘zbekistonda muhim minerallar xomashyo bazasi kengaytirilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi

TOSHKЕNT, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat uchun muhim minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda texnologik metallar va muhim minerallarga talab keskin ortib bormoqda. Elektrotexnika, mashinasozlik, aviatsiya, energetika, tibbiyot va boshqa yuqori texnologiyali tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan bunday xomashyo va mahsulotlar iqtisodiy xavfsizlik hamda sanoat raqobatbardoshligining muhim omiliga aylanmoqda.

Mamlakatimizda bu yo‘nalishda katta salohiyat bor. Lekin hozirgi vaqtda O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining asosiy faoliyati asosan volfram va molibden ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmoqda. Vaholanki, yangi konlarni o‘zlashtirish, boyitish fabrikalari, gidro va pirometallurgiya zavodlarini qurish orqali 28 turdagi muhim minerallarni sanoat darajasida ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Taqdimotda ushbu salohiyatni to‘liq ishga solish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan rejalar ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 4,2 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu orqali tarmoq hajmini 2028-yilgacha 1 milliard dollarga, 2030-yilgacha 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.

Joriy yilning o‘zida 166 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada yuqori soflikdagi selen, tellur va reniy kabi 3 turdagi yangi metall, kukun metallurgiyasi asosida avtodetallar singari 21 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hamda sulfat kislotasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, yangi quvvatlar hisobidan yuzlab ish o‘rinlari yaratiladi, budjet tushumlari va eksport imkoniyatlari ortadi.

Volfram va molibden bo‘yicha “xomashyo – qayta ishlash – tayyor mahsulot” zanjirini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu orqali faqat konsentrat yoki yarim tayyor mahsulot emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega metall kukunlari, qotishmalar, sterjenlar, simlar, sanoat uchun detallar va boshqa tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsad qilingan.

Buning uchun Chirchiq shahrida “Kelajak metallari” texnoparki va R&D markazining faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish belgilangan. U yerda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori soflikdagi metallar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur sharoit yaratiladi.

Prezidentimiz texnopark va uning rezidentlariga yer uchastkalari hamda infratuzilmadan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar berish, startap loyihalarni moliyalashtirish dasturini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Markaziy Osiyoda muhim minerallar bo‘yicha yagona ilmiy-tadqiqot va texnologik markazni shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Chirchiq shahrida tashkil etilayotgan nanotahlil laboratoriyasi geologiya, konchilik va metallurgiya loyihalari uchun zamonaviy tahlil xizmatlarini ko‘rsatadi. Laboratoriya to‘liq ishga tushgach, bir kunda 1 mingtagacha namuna tahlil qilinib, 6,5 million dollarlik import xizmatlari mahalliylashtiriladi, yana 4 million dollarlik xizmatlar eksporti yo‘lga qo‘yiladi.

Sohadagi loyihalarni tezlashtirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, istiqbolli maydonlar va konlarni xalqaro standartlar asosida baholash, texnogen chiqindilarni qayta ishlash, xorijiy investorlar va texnologik hamkorlarni faol jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Shu bilan birga, tarmoqda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Geologik ma’lumotlarni yagona raqamli bazaga jamlash, qidiruv ishlarini 3D modellashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish, bozor tahlili va loyihalar boshqaruvini zamonaviy platformalar orqali tashkil etish vazifalari belgilandi.

Soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Toshkent davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, Texnologik metallar kombinatida metallurgiya va materialshunoslik bo‘yicha 2 ta kafedra ochilgan. Ayni vaqtda universitetning 64 nafar talabasi ishlab chiqarish amaliyotini korxonada o‘tamoqda. Mutasaddilarga dual ta’lim qamrovini kengaytirish, o‘quv dasturlarini yangi loyihalar ehtiyojiga moslashtirish va bitiruvchilarni yuqori texnologik ishlab chiqarishlarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari muhim minerallar sohasi yangi sanoat tarmoqlarini shakllantirish, eksportni ko‘paytirish, texnologik mustaqillikni ta’minlash va yuqori malakali ish o‘rinlari yaratishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Mutasaddilarga 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan loyihalar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Материал муаллифи

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram каналига обуна бўлинг

Барча янгиликлар ва янгиланишлардан биринчилардан бўлиб хабардор бўлинг!

Каналга ўтиш