Markaziy Osiyo Malayziya uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoniga aylanmoqda
Sentabr 19, 2026. 10:35 • 2 daq
• 238KUALA-LUMPUR, 19-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Kuala-Lumpur shahrida tahlil markazlari, diplomatik missiyalar va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida Markaziy Osiyo va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Malayziyadagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar instituti raisi Mohd Faiz Abdulloh moderatorligida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Kuala-Lumpurdagi elchixonalari rahbarlari, akademik va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Strategik va xalqaro tadqiqotlar institutining geoiqtisodiy qayta qurish sharoitida Markaziy Osiyo va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari haqidagi tahliliy materiali taqdim etildi.
Ishtirokchilar mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqot rivojlanib borayotgani, shuningdek, madaniy-gumanitar, turizm va taʼlim sohalarida hamkorlik kengayib borayotganini taʼkidladi. Iqtisodiy hamkorlik, savdo va investitsiyalarni kengaytirishda odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning o‘rni alohida qayd etildi.
Xorijiy ekspertlar mintaqaning iqtisodiy o‘sishi va yangi imkoniyatlarini hisobga olgan holda Malayziyaning Markaziy Osiyo bilan hamkorlik yondashuvlarini faollashtirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlarini izlashni taklif qildi.
SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev va O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi va u xalqaro, jumladan, malayziyalik investorlar uchun taqdim etayotgan yangi imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Markaziy Osiyo va Malayziya tahliliy markazlari o‘rtasida muntazam muloqot va ekspertlar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va tahliliy loyihalarni amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

