BMTda 21–22-oktabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan jahon sammitiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish qilindi
Oktabr 15, 2026. 10:30 • 2 daq
• 150NYU-YORK, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. Nyu-Yorkda “Bolalar farovonligiga sarmoya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari” mavzusidagi jahon sammitiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bo‘lajak sammit 21–22-oktabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi kutilmoqda.
Tadbir O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi hamda BMT bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili ofisi tomonidan tashkil etildi. Unda diplomatik korpus va BMTning tegishli tuzilmalaridan 50 nafardan ortiq vakil qatnashdi.
O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlikning oldini olish va oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Bo‘lajak Samarqand sammitining maqsad va vazifalariga alohida e’tibor qaratildi. U bolalar farovonligini ta’minlash, ijtimoiy himoya, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini mustahkamlash bo‘yicha amaliy yechimlarni muhokama qilish uchun xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
BMT bosh kotibining maxsus vakili Najat Maalla bolalar farovonligiga sarmoya kiritish zo‘ravonlikning oldini olish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli yuzaga keladigan iqtisodiy yo‘qotishlar yalpi ichki mahsulotning 11 foizigacha yetishi mumkin. Bu holat profilaktika choralarini kuchaytirish va bolalarni himoya qilish tizimlarini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Samarqanddagi sammitda hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati, fuqarolik jamiyati vakillari va bolalar ishtirok etadi. Unda ijtimoiy himoya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amaliy yechimlar ishlab chiqish rejalashtirilgan. Ishtirokchi davlatlarning birinchi xonimlari homiyligida bolalar onkologiyasi bo‘yicha Ikkinchi xalqaro kongress ham o‘tkaziladi.
Taqdimot ishtirokchilari O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, bolalar huquqlari va farovonligini himoya qilish borasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qiziqish bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

