Minskdagi xalqaro sessiyada O‘zbekistonning mehnatni muhofaza qilish borasidagi tajribasi tanishtirildi
Oktabr 15, 2026. 09:30 • 2 daq
• 94
MINSK, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. Belarus poytaxtida “Raqamli texnologiyalar sharoitida mehnat bozorining adolatli transformatsiyasi” mavzusidagi Xalqaro strategik sessiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur nufuzli tadbirda o‘ttizdan ortiq xorijiy davlatning kasaba uyushmalari va diplomatik missiyalari rahbarlari, shuningdek, mahalliy tashkilotlarning uch yuzdan ziyod vakillari va mutaxassislari ishtirok etdilar.
Anjumanning ochilish marosimida Belarus kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Yuriy Senko, xorijiy kasaba uyushma tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Xitoy va Myanma elchilari so‘zga chiqdilar.
Sessiya ishtirokchilariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining faoliyati, mehnat va ijtimoiy himoya sohasidagi sa’y-harakatlari, yoshlar, xotin-qizlar va imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro mehnat bozoridagi o‘rni va istiqbollari xususida maxsus ma’ruza taqdim etildi.
Tadbir davomida tashkilotchilar va ishtirokchilarga kasaba uyushmalari imkoniyatlaridan foydalangan holda turizmni rivojlantirish, qo‘shma mehnat migratsiyasi sohasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda boshqa dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlik qilish yuzasidan qator takliflar bildirildi.
Shuningdek, yalpi majlislar va sessiya qismlarida raqamlashtirish sharoitida xodimlarning manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ijtimoiy kafolatlarni saqlab qolish bo‘yicha yangi amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish yondashuvlari, mavjud muammolar hamda ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi