O‘zbekistonda aholi bilan muloqot tizimi takomillashtirilmoqda

Aprel 05, 2026. 16:43 • 2 daq

53
O‘zbekistonda aholi bilan muloqot tizimi takomillashtirilmoqda

TOSHKENT, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 1-aprelda “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjat fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini kuchaytirish hamda aholining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.

2026-yil 1-maydan Prezidentning Virtual qabulxonasi axborot tizimida murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari ustidan avtomatik nazorat o‘rnatiladi. Belgilangan muddati o‘tgan murojaatlar avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organiga yuboriladi. Murojaatlar, shuningdek, “shoshilinch”, “odatiy” va “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratiladi.

Aholi bilan muloqotning yagona tizimini kuchaytirish maqsadida Prezident huzurida yuridik shaxs maqomiga ega Xalq qabulxonasi tashkil etiladi. Unga hududlardagi Xalq qabulxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, fuqarolar murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifalari yuklanadi.

Shu bilan birga, shaxsiy va sayyor qabullarni raqamlashtirish, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda fuqarolar muammolarini bevosita joyida ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish