Braziliyada prezidentlik saylovoldi kampaniyasi boshlandi

Avgust 17, 2026. 16:00 • 2 daq

102
Braziliyada prezidentlik saylovoldi kampaniyasi boshlandi
“AP” agentligi surati

BRAZILIYA, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Braziliyada prezident saylovining 4-oktyabrda bo‘lib o‘tadigan birinchi bosqichi uchun saylovoldi kampaniyasi rasman boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligiga tayanib.

Amaldagi prezident Luis Inasiu Lula da Silva va sobiq prezident Jair Bolsonaruning to‘ng‘ich o‘g‘li, senator Flavio Bolsonaru asosiy nomzodlar sanaladi.

Braziliya prezidenti o‘z tarafdorlari oldida so‘zga chiqib, ijtimoiy tengsizlikni qisqartirish va qashshoqlikka qarshi kurash choralarini davom ettirishga vaʼda berdi. “Men tirik ekanman, o‘ng kuchlar Braziliyani boshqara olmaydi”, – dedi u.

Sobiq prezident Jair Bolsonaruning o‘g‘illaridan biri Flavio Bolsonaru Rio-de-Janeyrodagi Kopakabana sohilida minglab saylovchilar bilan uchrashdi. Davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor deb topilib, uy qamog‘ida saqlanayotgan otasi mitingda ishtirok etmadi.

U amaldagi hukumatni aholi ishonchini oqlay olmaganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan o‘zi xalqaro maydonda Braziliyaga bo‘lgan ishonchni tiklashga qodir.

“Mamlakatimiz uchun eng yaxshi va yirik savdo bitimlarini tuzish maqsadida Qo‘shma Shtatlar, Xitoy, Isroil, Yaqin Sharq, Hindiston va Argentina bilan hamkorlik qila oladigan yagona shaxs menman”, – dedi u miting chog‘ida.

So‘nggi ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, Luis Inasiu Lula da Silva Flavio Bolsonarudan yetti foizga oldinda bormoqda. Amaldagi prezident tarafdorlari uni barcha ijtimoiy guruhlar manfaatlarini inobatga olishga qodir deb hisoblasa, Flavio Bolsonaru tarafdorlari hokimiyat almashinuvidan jamoat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishini kutmoqda. To‘rt yil avval Lula da Silva o‘sha vaqtdagi prezident Jair Bolsonaruni 50,9 foiz ovoz bilan mag‘lub etgan edi.

Braziliyada prezident saylovlari davlat rahbarining vakolat muddati tugagach, har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi. Agar joriy yil 4-oktyabrda bo‘lib o‘tadigan birinchi turda hech bir nomzod ko‘pchilik ovozini to‘play olmasa, eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod ikkinchi turga chiqadi.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish