AQSHda “Millat Shavkati” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Avgust 17, 2026. 17:00 • 4 daq
• 28FILADELFIYA, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi hamda Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Filadelfiyada “Vatan Global Alliance” tashkiloti bilan hamkorlikda “Millat Shavkati” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda AQSHdagi o‘zbek diasporasi tashkilotlari aʼzolari, turli shtatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, Amerika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, yirik tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari, xorijlik ekspertlar qatnashdi.
Taqdimotda O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Sidiqov, Oliy Majlis Senati aʼzosi Husan Ermatov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, “Vatan Global Alliance” rahbari Ozod Soliyev va boshqalar ushbu kitob haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
“Millat Shavkati” kitobida aks etgan asosiy g‘oyalar, eng avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli hamda ortga qaytmas islohotlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangani qayd etildi.
Bugun mamlakat iqtisodiyoti, davlat va jamiyat boshqaruvi, taʼlim, ilm-fan, madaniyat, ijtimoiy himoya va tashqi siyosat sohalarida kuzatilayotgan tub o‘zgarishlar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasining amaliy natijasi ekani alohida taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning siyosiy irodasi, strategik qarashlari va bevosita tashabbuslari tufayli o‘n yil avval tasavvur qilish mushkul bo‘lgan ko‘plab yutuqlar bugun O‘zbekiston uchun yangi voqelikka aylandi.
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida davlat idoralarining xalqqa xizmat qilishi, aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga aylandi.
Islohotlar natijalari nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarda, balki fuqarolarning qadr-qimmati, ertangi kunga ishonchi va ijtimoiy faolligi ortishida ham namoyon bo‘lmoqda.
Kitobda rahbariyat tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasiga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi. Ushbu ezgu maqsad doirasida taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy o‘zlik va tarixiy xotirani mustahkamlash, buyuk ajdodlar merosini chuqur o‘rganish hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boy ilmiy, maʼnaviy va sivilizatsion merosni tiklash hamda uni jahon jamoatchiligiga keng tanitishga qaratilgan muhim strategik loyihalardan biri sifatida eʼtirof etildi. Ushbu tashabbus mamlakatdagi yangilanish jarayonlari milliy qadriyatlar va tarixiy meros bilan uyg‘un ravishda olib borilayotganining yorqin ifodasidir.
Davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyoni umumiy tinchlik, barqarorlik va farovonlik makoniga aylantirishga qaratilgan tashqi siyosiy tashabbuslari natijasida mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllangani aytib o‘tildi.
Xususan, qo‘shni davlatlar bilan yillar davomida yechimini kutib kelgan chegara masalalarining hal etilishi, o‘zaro ishonchning tiklanishi, savdo-iqtisodiy va transport aloqalarining kengayishi hamda davlat rahbarlari o‘rtasida muntazam muloqotning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston Prezidenti boshlab bergan yangi mintaqaviy siyosatning muhim amaliy natijalari sifatida baholandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va tashqi dunyoga ochiqligi sezilarli darajada oshdi. Bu jarayon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan pragmatik, ochiq va manfaatli hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat bilan uzviy bog‘liqdir. O‘zbekistonning AQSH va boshqa yetakchi davlatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, taʼlim hamda madaniy-gumanitar aloqalari yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Uchrashuv davomida xorijdagi vatandoshlar, ayniqsa, yoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Yangi O‘zbekiston siyosatida xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan muhim intellektual va ijtimoiy resurs sifatida ko‘rilayotgani, ularning Vatan bilan aloqalarini mustahkamlash rahbariyat tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Tadbirning amaliy natijasi sifatida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va “Vatan Global Alliance” o‘rtasida axborot va jamoatchilik yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Ushbu hujjat O‘zbekistonda kechayotgan yangilanish jarayonlari haqida AQSH jamoatchiligiga xolis va keng qamrovli axborot yetkazish, shuningdek, xorijdagi vatandoshlar bilan axborot almashinuvini faollashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi.
Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan alohida hissasi uchun “Vatan Global Alliance” rahbari Ozod Soliyevga “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Tadbir Prezidentimiz boshchiligida inson qadrini yuksaltirish, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni keng targ‘ib qilish, AQSHdagi vatandoshlar bilan aloqalarni yana-da mustahkamlash hamda Amerika jamoatchilik va ekspert doiralari bilan hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


