Namanganlik eksportchilar Polsha va boshqa Yevropa mamlakatlari bozoriga chiqishning amaliy jihatlarini muhokama qildi
Sentabr 12, 2026. 10:30 • 2 daq
• 225VARSHAVA, 12-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Namangan viloyati eksportchi korxonalari hamda Polsha bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan muloqotda Namangan viloyati hokimligi, Lodz shahridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi xodimlari hamda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda o‘zbek mahsulotlarini Polsha va boshqa Yevropa mamlakatlari bozorlariga olib chiqish imkoniyatlari, mahalliy qonunchilik talablari, sertifikatlashtirish, logistika va onlayn-savdoni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yevropa bozorida tajribaga ega tadbirkorlar o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashib, eksportchilar duch kelayotgan asosiy muammolar, jumladan, talabni yetarlicha tahlil qilmaslik, uzoq muddatli strategiyaning yo‘qligi va Yevropa standartlariga mos sertifikatlarning yetishmasligiga eʼtibor qaratdi.
Lodz shahridagi logistika xabi imkoniyatlari, omborxonalardan foydalanish va hujjatlarni rasmiylashtirish tartiblari alohida taqdim etildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga O‘zbekistonda eksport faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida maʼlumot berildi.
Ishtirokchilar sertifikatlashtirish, viza tartiblari va logistika bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga aniq javoblar oldi. Tomonlar muntazam aloqalarni saqlash va amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

