Rossiyaning Rostov viloyatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi

Sentabr 12, 2026. 18:00 • 2 daq

27
Rossiyaning Rostov viloyatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi
Rossiyaning Rostov viloyatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi

ROSTOV-DON, 12-sentabr. /“Dunyo” AA/. Rostov-don shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Rostov viloyati va shahri maʼmuriyati, konsullik korpusi, mintaqaning ishbilarmon va jamoatchilik doiralari vakillari, o‘zbek diaspora birlashmalari rahbarlari hamda vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Mehmonlarga O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan asosiy yutuqlari va so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar natijalari, jumladan, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, uning xalqaro obro‘-eʼtibori ortib borayotgani hamda Rossiya bilan hamkorlikning kengayayotgani haqida taʼkidlandi

Rossiya Prezidentining Janubiy federal okrugidagi muvaqqat vakili o‘rinbosari Vladimir Gurba O‘zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan tabriklab, ikki tomonlama munosabatlarning anʼanaviy do‘stona xususiyati va izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.

U, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidagi umumiy g‘alabaga o‘zbek xalqi qo‘shgan hissasini alohida eʼtirof etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy tarixiy xotirani saqlab qolish do‘stlik va o‘zaro hurmatning muhim asosi bo‘lib qolmoqda.

Rostov viloyati gubernatorining birinchi o‘rinbosari Aleksey Gospodarev gubernator Yuriy Slyusarning tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda O‘zbekistonning davlat qurilishi, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirish borasidagi natijalari alohida taʼkidlangan. Murojaatda, shuningdek, O‘zbekistonning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi roli hamda mintaqa bilan strategik hamkorlikning ahamiyati qayd etilgan.

Rostov-don shahri rahbari Aleksey Skryabin ham O‘zbekistonni milliy bayram bilan tabriklab, hududlararo va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini bildirdi.

Tadbir yakunida mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari tortiq etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish