Rigada O‘zbekiston-Latviya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Sentabr 12, 2026. 16:30 • 2 daq

50
Rigada O‘zbekiston-Latviya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Rigada O‘zbekiston-Latviya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

RIGA, 12-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Latviya biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir davomida latviyalik hamkorlarga O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, shuningdek, mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Ishbilarmonlik muzokaralari doirasida transport-logistika, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalar, shuningdek, oziq-ovqat sanoati va farmatsevtika yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

O‘zaro savdo va yuk tashish hajmini oshirish, ikki mamlakatning transport-logistika salohiyatidan samarali foydalanish hamda yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, Latviyaning transport-logistika sektoridagi 10 dan ortiq yirik kompaniyalari, jumladan, “Riga Port Group”, “Baltijas Ekspresis” va “Ventspils Commercial Port” AJ vakillari O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida yuk tashish hajmini oshirish, transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, Yevropa bozorlariga chiqish uchun Riga va Ventspils portlaridan samarali foydalanish hamda yuklarni saqlash va tranzit xizmatlarini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuvlar yakunida joriy yilning 5–10-oktabr kunlari Latviya ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish