“Kul-al-Arab”: O‘zbekiston jadal o‘zgarishlar va ishonchli taraqqiyot yo‘lidan bormoqda
Sentabr 12, 2026. 17:30 • 2 daq
• 75
TEL-AVIV, 12-sentabr. /“Dunyo” AA/. “Kul-al-Arab” nashrida Arab xalqaro aloqalar kengashi direktori Xolid Xalifaning O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xolid Xalifaning yozishicha, so‘nggi olti yil davomida O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan. Har galgi safar davomida jadal o‘zgarib, kelajagini ishonch bilan qurayotgan mamlakat haqida yangi va yorqin taassurotlar bilan qaytgan.
Nashrda Samarqand, Buxoro va Xivaning tarixiy-madaniy merosiga alohida eʼtibor qaratilgan. Muallif islom sivilizatsiyasi obidalari butun dunyodan sayyohlarni jalb etayotganini, zamonaviy O‘zbekistonda Buyuk ipak yo‘li merosi turizm, investitsiyalar, madaniyat va transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirishning muhim resursiga aylanayotganini taʼkidlaydi.
U O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan siyosatini yuqori baholaydi.
Maqolada mamlakat iqtisodiyotining xorijiy investitsiyalar uchun ochiqligi ortib borayotgani, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohasi va turizm rivojlanayotgani hamda zamonaviy texnologiyalar va raqamli iqtisodiyotga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etilgan.
Muallif yosh avlodga investitsiya kiritishni O‘zbekiston taraqqiyot modelining eng muhim elementlaridan biri deb ataydi. U, shuningdek, Toshkent va boshqa shaharlarda yuz berayotgan o‘zgarishlar, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mamlakatning dunyoga yanada ochilishga intilishiga eʼtibor qaratadi.
O‘zbekistonning modernizatsiyani milliy anʼanalarni saqlab qolish bilan uyg‘unlashtira olish qobiliyati alohida taʼkidlangan. Texnologiyalar, universitetlar va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bir qatorda, anʼanaviy hunarmandchilik, sanʼat, milliy liboslar va musiqa mamlakat madaniy makonining ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda.
Maqola so‘nggida muallif O‘zbekiston xalqiga barqarorlik va farovonlik tilaydi hamda mamlakat chuqur tarix, qulay geografik joylashuv va asosiy boyligi – yoshlarga tayangan holda o‘z kelajagini barpo etishda davom etishiga ishonch bildiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi