AQSH Eronning harbiy infratuzilmasiga yangi hujumlar uyushtirdi

Iyul 21, 2026. 12:30 • 2 daq

180
AQSH Eronning harbiy infratuzilmasiga yangi hujumlar uyushtirdi
“Reuters” surati

VASHINGTON-TEHRON, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH harbiylari Eronning harbiy qo‘mondonlik markazlari, raketa va dronlar uchirish maydonchalari, dengizdagi harbiy hamda havo hujumidan mudofaa tizimlariga navbatdagi zarbalarni berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM)ning maʼlum qilishicha, so‘nggi hujumlar taxminan besh soat davom etgan. Shu bilan AQSHning Eronga qarshi zarbalari ketma-ket o‘ninchi tun ham davom etdi.

Vashington rasmiylariga ko‘ra, ushbu operatsiyalardan ko‘zlangan asosiy maqsad Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan tijorat kemalariga hujum qilish imkoniyatlarini zaiflashtirishdan iborat bo‘lgan. Shuningdek, dam olish kunlari halok bo‘lgan amerikalik harbiylar soni 17 nafarga yetgani qayd etilgan.

O‘z navbatida, Eron Amerikaning Kuvaytdagi harbiy obyektlari va texnikalariga – Al-Adiri lageri hamda Ali Al-Salom aviabazasiga zarba berdi. Shu bilan birga, Eron Iordaniyadagi AQSH harbiy bazasiga hujumlar uyushtirgan. Hujum oqibatida bir qancha AQSH harbiylari halok bo‘lgan.

20-iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp amerikalik harbiylar halok bo‘lganidan so‘ng Erondan qasos olishga vaʼda bergan. So‘nggi bir hafta davomida u Eronda nishonga olinayotgan obyektlar ro‘yxatini energetika inshootlari va ko‘priklar hisobiga kengaytirish mumkinligini bir necha bor taʼkidlagan.

Pentagon maʼlumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon qariyb 430 nafar AQSH harbiysi yaralangan. Faqat joriy yilning 7-iyulidan buyon 100 nafar harbiy jarohat olgan bo‘lib, ularning 96 foizi xizmatga qaytgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish