Donald Tramp FIFA rahbarini BMTning yangi bosh kotibi lavozimiga munosib ko‘rmoqda

Iyul 22, 2026. 17:00 • 3 daq

128
Donald Tramp FIFA rahbarini BMTning yangi bosh kotibi lavozimiga munosib ko‘rmoqda
“AFP” agentligi surati

VASHINGTON, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH prezidenti Donald Tramp FIFA rahbari Janni Infantinoni Antoniu Guterrish lavozimidan ketganidan so‘ng BMT bosh kotibi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

“New York Post” nashri maʼlumotlariga ko‘ra, Amerika yetakchisi jahon futboli prezidenti mamlakatlarni birlashtirish va xalqaro tashkilot bilan munosabatlarni yaxshilashga qodir, deb hisoblaydi.

56 yoshli Janni Infantino jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chog‘ida Donald Tramp bilan yaqinlashgan. O‘tgan yilning dekabr oyida FIFA rahbari Donald Trampga FIFAning birinchi tinchlik mukofoti – “Peace Prize”ni topshirgan edi. Nashrning AQSH prezidentiga yaqin manbasi Donald Tramp uni butun dunyoda hurmatga sazovor shaxs deb bilishini maʼlum qildi.

BMTning yangi bosh kotibi saylovi joriy yilda o‘tkazilishi kerak. Tashkilotning amaldagi rahbari Antoniu Guterrish dekabr oyi oxirida o‘z lavozimini tark etadi. Nomzodning tayinlanishi uchun BMT Xavfsizlik Kengashining qo‘llab-quvvatlashi va Bosh Assambleyaning tasdig‘i talab etiladi.

Hozircha Janni Infantinoning o‘zi bu lavozimga qiziqish bildirayotgani va Amerika prezidenti bu g‘oyani u bilan muhokama qilgan-qilmagani nomaʼlum. Uning nomzodi ilgari surilishi bosh kotibni saylashdagi anʼanaviy yondashuvni o‘zgartirishi mumkin. Zero, avvalroq, BMTning navbatdagi rahbari Lotin Amerikasi yoki Karib havzasi mintaqasi vakili bo‘lishi kutilayotgan edi. Boshqa daʼvogarlar qatorida Chilining sobiq prezidenti Mishel Bachelet va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari, argentinalik Rafael Grossi nomlari tilga olinmoqda.

“Bunday g‘oyani faqat Prezident Donald Trampgina taklif qilishi mumkin”, – deya taʼkidladi AQSHning global hamkorlik bo‘yicha maxsus elchisi Paolo Zampolli. Uning qo‘shimcha qilishicha, Janni Infantino BMT faoliyatiga yangi ruh bag‘ishlashga va sportdan xalqaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida foydalanishga qodir.

FIFA rahbarining BMT bosh kotibi etib tayinlanishi uning Donald Tramp bilan yaqin munosabatlari tufayli bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin. Avvalroq, Janni Infantino AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi bilan bog‘liq vaziyatdan so‘ng Yevropada tanqidlarga uchragandi. Donald Trampning murojaatidan keyin FIFA Belgiya bilan o‘yin oldidan futbolchini jazolash haqidagi qarorini qayta ko‘rib chiqqan, bu esa siyosiy aralashuv haqidagi ayblovlarni keltirib chiqargandi.

Bundan tashqari, Janni Infantino FIFA prezidentligiga qayta saylanish niyatini allaqachon eʼlon qilgan. Saylovlar 2027-yil mart oyiga rejalashtirilgan. BMTga ishga o‘tgan taqdirda unga daromadlarini sezilarli darajada kamaytirishga to‘g‘ri kelardi. Uning FIFAdagi maoshi yiliga taxminan 6 million dollarni tashkil etsa, BMT rahbari taxminan 418 ming dollar oladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish