O‘zbekiston Prezidenti Toshkent-Nurafshon avtomobil yo‘lidagi yangi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirdi

Iyul 22, 2026. 17:15 • 2 daq

34
O‘zbekiston Prezidenti Toshkent-Nurafshon avtomobil yo‘lidagi yangi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirdi

TOSHKENT, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent viloyatiga tashrifi davomida A-373 va Toshkent katta xalqa yo‘llari kesishmasida barpo etilgan yangi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mazkur inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda Toshkent shahri bilan Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqtini 10-15 daqiqaga qisqartirishga xizmat qiladi.

Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda 14,1 gektar maydonda barpo etilgan loyihaning qiymati 240 milliard so‘mni tashkil etdi. Obyekt tarkibida uzunligi 66 metr, kengligi 46 metr bo‘lgan ko‘prik, 450 metrlik yer osti avtomobil yo‘li, ikkita ortga qayrilish yo‘lagi, to‘rtta yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi va 950 metrlik aylana halqa yo‘li qurildi. Shuningdek, 9,5 kilometr piyoda va veloyo‘laklar, sakkizta jamoat transporti bekati, 240 ta tashqi yoritish chirog‘i hamda 6 kilometr yo‘l to‘siqlari barpo etildi.

Yangi obyektning ishga tushirilishi natijasida yo‘nalishning kunlik o‘tkazuvchanlik quvvati bir necha barobarga oshib, 130 mingta avtotransport vositasiga yetadi. Bu esa poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi transport aloqalarini yana-da yaxshilash, tirbandliklarni bartaraf etish hamda aholi uchun qulay harakatlanish sharoitini yaratishga xizmat qiladi.

Prezidentimizga loyihaning texnik yechimlari, transport oqimini boshqarish imkoniyatlari hamda kelgusida Toshkent – Nurafshon yo‘nalishida tezyurar avtobuslar tizimini (BRT) yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar haqida ham axborot berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish