O‘zbekiston Prezidenti O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali bo‘yida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi
Iyul 22, 2026. 17:45 • 2 daq
• 36
TOSHKENT, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali bo‘yida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida sohil bo‘yi maskanlarini tartibga solish va u yerda zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday loyihalar nafaqat aholi uchun qulay dam olish maskanlarini yaratishga, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish orqali hududlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali sohili ham bugun ana shunday so‘lim maskanlardan biriga aylanmoqda. O‘tgan yili boshlangan qurilish ishlari natijasida 32 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ hisobidan sohil bo‘yining 9 kilometr uzunlikdagi qismi obodonlashtiriladi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilayotgan bo‘lib, dastlab Tinchlik va Qorasuv mahallalari oralig‘idagi 1,6 kilometr uzunlikda sohil qismi obodonlashtirildi. Piyodalar uchun zamonaviy yo‘laklar, favvora, vorkaut maydonchalari, akvapark hamda ko‘prik osti tunneli aholi xizmatiga shay.
Hududda, shuningdek, manzarali daraxtlar, qulay o‘rindiqlar bilan birga umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham barpo etilgan.
Keyingi bosqichda Qorasuv, Rovatak va Fayzobod mahallalaridan o‘tuvchi qismida ko‘ngilochar, dam olish va gastronomik ko‘chalari tashkil etiladi. Savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari soni 6 taga yetkazilib, 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi