O‘zbekiston-Qirg‘iziston: ishonchli muloqotdan kelajakni birgalikda bunyod etish sari

Iyul 22, 2026. 19:15 • 4 daq

22
O‘zbekiston-Qirg‘iziston: ishonchli muloqotdan kelajakni birgalikda bunyod etish sari
O‘zbekiston-Qirg‘iziston: ishonchli muloqotdan kelajakni birgalikda bunyod etish sari

TOSHKENT, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Kecha Bishkek shahrida O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspertlar kengashining “O‘zbekiston va Qirg‘iziston: strategik sheriklik va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda yetakchi tahlil markazlari, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq tashkilotlari hamda ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov hamda Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti (STMI) direktori Shumkarbek Adilbek uulu ushbu muloqot maydonining muhim o‘rnini alohida taʼkidladi.

Qayd etilganidek, Ekspertlar kengashi ikki tomonlama aloqalarning joriy holatini muntazam kuzatib borish va baholash bilan birga, strategik sheriklik munosabatlarini yana-da chuqurlashtirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi tashabbuslarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Eldor Aripov bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘yayotganini taʼkidladi. Ushbu bosqichda asosiy vazifa endilikda o‘tmishda to‘planib qolgan masalalarni hal etish emas, balki kelajakni birgalikda shakllantirishdan iborat.

Ikki mamlakat o‘rtasida shakllangan yuksak ishonch darajasi keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish hamda barqaror rivojlanishning umumiy makonini yaratish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Yig‘ilish kun tartibidan strategik sheriklikni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi va tadbirkorlikni kengaytirish, shuningdek, transport va energetika sohalaridagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish masalalari o‘rin oldi.

Yig‘ilishda iqtisodiy hamkorlik surʼatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, o‘zaro savdo nafaqat jadal o‘smoqda, balki chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni ham boshdan kechirmoqda. Agar 2016 yilda tovar ayirboshlash hajmi qariyb 50 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 1,2 milliard AQSH dollariga yetib, qariyb 24 barobar oshdi.

Joriy yilning birinchi yarmida esa yana 40 foizlik o‘sish qayd etildi. Shuningdek, ikki davlat rahbarlari tomonidan tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha yangi vazifa belgilanganligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, o‘zaro savdoning tarkibi ham sifat jihatidan o‘zgardi. Agar ilgari u asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ayirboshlashiga tayangan bo‘lsa, bugungi kunda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar uning asosini tashkil etmoqda. Xususan, eksportning qariyb 85 foizi tayyor mahsulotlar (37 foiz), sanoat tovarlari (36 foiz), shuningdek, kimyo va oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, shu paytgacha 12 ta yig‘ilishi o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiyaning izchil faoliyati hamda Ishbilarmonlar kengashi ushbu jarayonlarga kuchli surʼat bag‘ishladi. Hukumatlararo komissiyaning so‘nggi yig‘ilishi 2026-yil 22–23 iyun kunlari Cho‘lponotada bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi va soni ortib borayotgan qo‘shma korxonalar tarmog‘i ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga samarali hissa qo‘shmoqda.

Yig‘ilish ishtirokchilari hududlararo aloqalarning yuqori surʼatlarda rivojlanayotganini qayd etdilar. Chegaradosh viloyatlar rahbarlari kengashining shu paytgacha o‘tkazilgan to‘rtta yig‘ilishi 2026-yilning to‘rtinchi choragida ikki mamlakat hududlari forumini to‘laqonli formatda o‘tkazishga o‘tish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Ekspertlar butun Markaziy Osiyo uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li hamda “Qambarota-1” GES loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Ushbu loyihalarni izchil va xavfsiz amalga oshirish, shuningdek, jarayonlarning prognoz qilinuvchanligini taʼminlash butun mintaqaning raqobatbardoshligini oshirishi taʼkidlandi.

Yakunida ishtirokchilar ikki tomonlama munosabatlarning mustahkam poydevori faol madaniy-gumanitar hamkorlik va rekord darajadagi sayyohlar oqimi bilan yana-da boyib borayotganini qayd etdilar. Xususan, 2025-yilda O‘zbekistonga Qirg‘izistonning 3,31 million fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki besh oyida ushbu ko‘rsatkich 1,53 million kishini tashkil etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasining tashrif dasturidan, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar vakillari o‘rtasidagi muzokaralar, Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligi masalalariga bag‘ishlangan ekspert seminari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv o‘rin olgan.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha SMTI va STMI o‘rtasida hamkorlik rejasi imzolandi. Hujjat ekspertlar muloqotini chuqurlashtirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, tahliliy materiallar bilan almashish, shuningdek, tadbirlar va uchrashuvlarni tizimli asosda tashkil etishni nazarda tutadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish