Fransiya futbol federatsiyasi Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi

Sentabr 11, 2026. 14:30 • 3 daq

136
Fransiya futbol federatsiyasi Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi
“Reuters” agentligi surati

PARIJ, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. Fransiya futbol federatsiyasi FIFA rahbariyatiga ishonchi qolmaganini aytib, tashkilot prezidenti saylovida Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan bir ovozdan voz kechdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“The Guardian” nashrining yozishicha, bu qaror 11-sentabr kuni jahon chempionati atrofidagi voqealar hamda FIFAning turnirlar, jumladan, JCH tijoriy huquqlarining 20 foizini xususiy sarmoyadorlarga sotish bo‘yicha bekor qilingan rejasidan so‘ng qabul qilingan.

Fransiya futbol federatsiyasi prezidenti Filipp Dialloning taʼkidlashicha, amaldagi rahbarning tashabbuslari futbol obro‘si va birligiga jiddiy putur yetkazgan, FIFA prezidentiga bo‘lgan ishonch esa barbod bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya o‘zini FIFAning jahon futbolini boshqarish tamoyillari haqidagi tasavvurlariga mos kelmaydigan yo‘nalishiga qarshi chiqishga haqli deb biladi. Shu bilan birga, federatsiya nomzodlar ko‘rsatishning so‘nggi muddati — 18-noyabrgacha muqobil nomzod topishda ishtirok etish niyatida.

Bir kun avval 100 mingdan ortiq kishi Janni Infantino ustidan shikoyatga qo‘shilib, FIFA prezidenti, kamida, o‘z vakolatini suiisteʼmol qilgani, siyosiy betaraflik va sadoqat burchini buzganini daʼvo qilgan edi.

AQSh Prezidenti Donald Trampning aralashuvidan so‘ng FIFA amerikalik hujumchi Folarin Baloganning diskvalifikatsiyasini bekor qilishi bilan bog‘liq jahon chempionatidagi voqealar keskinlik omillaridan biri bo‘ldi. Avvalroq FIFA o‘z intizom qo‘mitasining qarori amaldagi qoidalarga muvofiq qabul qilinganini maʼlum qilgandi.

Tanqidlar kuchayib borayotganiga qaramay, Janni Infantino qayta saylanish uchun yetarlicha qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lib turibdi, deb xabar berdi “Reuters”ga futbol tuzilmalaridagi muhokamalardan xabardor bir necha manba. Ayniqsa, kichik futbol federatsiyalari orasida va Yevropadan tashqarida uning mavqei balandligicha qolmoqda.

FIFA kongressida 211 milliy federatsiyaning har biri bittadan ovozga ega. Shu bois Yevropa jamoasi boshqa qitʼalarning qo‘llab-quvvatlashiga erishishi kerak. Hozircha bunday koalitsiyani tuza oladigan va Janni Infantino bilan real raqobat qila oladigan nomzod paydo bo‘lmadi.

Potensial daʼvogarlardan biri sifatida tilga olingan “Pari Sen-Jermen” klubi prezidenti Nosir al-Xulayfiy o‘z vakili orqali saylovda nomzodini qo‘yish niyatida emasligini maʼlum qildi. Boshqa ehtimoliy nomzodlar hozircha saylovda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirmadi.

Shu munosabat bilan Janni Infantinoning raqiblari strategiyani o‘zgartirib, eʼtiborni nafaqat uni chetlatishga, balki FIFA prezidenti vakolatlarini cheklashga ham qaratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Xususan, yirik tijoriy qarorlar ustidan qatʼiyroq nazorat o‘rnatish va tashkilot rahbariyati ichida vakolatlarning bir qismini qayta taqsimlash masalalari muhokama qilinmoqda.

FIFA prezidenti saylovi 2027-yil 18-mart kuni Marokash poytaxtida bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar esa joriy yilning 18-noyabriga qadar ko‘rsatilishi lozim.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish