C5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvi O‘zbekiston–AQSh strategik sherikligi uchun yangi imkoniyat yaratmoqda

Oktabr 19, 2026. 08:10 • 5 daq

• 377
C5+1 formatidagi vazirlar uchrashuvi O‘zbekiston–AQSh strategik sherikligi uchun yangi imkoniyat yaratmoqda

TOSHKENT, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. AQSH davlat kotibi Marko Rubioning 200 nafardan ortiq Amerika kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya hamrohligida O‘zbekistonga boshlangan tashrifi, xususan, C5+1 formati doirasida iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash, savdoni kengaytirish va investitsiyalarni jalb etish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida Samarqand shahrida Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSH tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchrashuvi, shuningdek, O‘zbekiston rahbariyati va mintaqadagi hamkasblari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvlarda iqtisodiy hamkorlik, savdo va xususiy investitsiyalarni rivojlantirish, energetika xavfsizligi hamda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Delegatsiyaning bunday keng tarkibi Amerika ishbilarmon doiralarining Markaziy Osiyo iqtisodiy imkoniyatlariga qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa O‘zbekiston uchun Amerikaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, yangi texnologiyalar va sarmoyalarni jalb etish, sanoat, energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyotdagi loyihalarni ilgari surish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 19-fevralda o‘rnatilgan. O‘tgan o‘n yilliklar mobaynida hamkorlik siyosiy muloqot, savdo, investitsiyalar, xavfsizlik, ta’lim va gumanitar almashinuvlarni qamrab oldi.

O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil may oyida AQSHga amalga oshirgan rasmiy tashrifi strategik sheriklikning yangi bosqichini boshlashda muhim voqea bo‘ldi. So‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy tashabbuslar doirasida izchil rivojlandi.

2023-yilda Nyu-Yorkda davlat rahbarlarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti, 2025-yil noyabr oyida esa Vashingtonda ikkinchi sammit bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvlar AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikka, jumladan, savdo-iqtisodiy sohaga yangi sur’at bag‘ishladi.

Savdo-iqtisodiy aloqalar O‘zbekiston–AQSH munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

Ayni paytda Amerika ishbilarmonlari O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida faoliyat yuritmoqda. Mamlakatda Amerika kapitali ishtirokidagi 346 ta korxona, jumladan, 100 foiz Amerika kapitaliga tegishli 143 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2017-yildan buyon shunday 203 ta korxona tashkil etildi. O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalari orasida “Air Products”, “General Electric”, “General Motors”, “Boeing”, “Honeywell”, “Coca-Cola”, “John Deere” kabi mashhur kompaniyalar bor.

Muntazam o‘tkazilayotgan qo‘shma ishbilarmonlik tadbirlari investorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. 2026-yil iyun oyida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida 193 ta Amerika kompaniyasi vakillari ishtirokida Amerika–O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida korporatsiyalar va moliya institutlari vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini ilgari surishga qaratildi.

Muhim minerallar sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyatga ega. 2026-yil fevral oyida O‘zbekiston va AQSH muhim minerallar hamda nodir yer elementlari yetkazib berish barqarorligini ta’minlashda hamkorlikni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu sohadagi hamkorlik geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish, xomashyoni qazib olish va qayta ishlash, shuningdek, yanada barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun imkoniyatlar ochadi.

2015-yil noyabr oyida Samarqandda ishga tushirilgan «C5+1» formati AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni birlashtiradi. Format kun tartibi iqtisodiyot, energetika, xavfsizlik va gumanitar hamkorlikni qamrab oladi.

Mintaqaviy o‘lchov transport yo‘nalishlari, energetika aloqalari va barqaror ta’minot zanjirlarini rivojlantirish zarurati sharoitida alohida ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSHning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish nafaqat alohida ikki tomonlama loyihalarni, balki mintaqaviy savdoni kengaytirish va korxonalarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun zarur shart-sharoitlarni ham muhokama qilish imkonini beradi.

2025-yil noyabr oyida Vashingtonda “C5+1” muloqotining o‘n yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida keng ko‘lamli ishbilarmonlik dasturi bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH kompaniyalari Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan umumiy qiymati 25 milliard dollardan ortiq bo‘lgan tijoriy kelishuvlarga erishganini e’lon qildi.

AQSH Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika tadbirkorlarining mintaqa mamlakatlari bilan tuzgan tijoriy kelishuvlarining umumiy hajmi 100 milliard dollardan oshdi. Mazkur ko‘rsatkichlar e’lon qilingan ishbilarmonlik tashabbuslarining salmog‘ini ko‘rsatadi. Ularning hayotga tatbiq etilishi esa loyihalarning kelgusida qanchalik puxta ishlab chiqilishi va erishilgan kelishuvlarning bajarilishiga bog‘liq.

Davlat tuzilmalari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlovchi “B5+1” formati hukumatlararo muloqotning muhim to‘ldiruvchisiga aylandi. 2026-yil fevral oyida Bishkek shahrida 421 nafar delegat va 40 nafardan ziyod Amerika kompaniyasi vakili ishtirokida ikkinchi “B5+1” forumi o‘tkazildi. Forum yakunida oltita yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi, bank-moliya sektori, muhim minerallar, savdo va axborot texnologiyalari, transport hamda turizm bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

O‘zbekiston–AQSH sherikligining istiqboldagi rivoji erishilgan siyosiy kelishuvlarning amaliy investitsiyalar, savdo shartnomalari va ishlab chiqarish loyihalariga qay darajada samarali tatbiq etilishiga bog‘liq bo‘ladi.

O‘zbekiston uchun kapital va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish hamda zamonaviy sanoatni rivojlantirish hamon ustuvor vazifalar sanaladi. Amerika biznesi uchun respublika bilan hamkorlik qilish istiqbolli bozorda faoliyat yuritish va mintaqadagi iqtisodiy islohotlarda ishtirok etish imkonini beradi.

AQSH Davlat kotibining Samarqandga kutilayotgan tashrifi mazkur vazifalarni ikki tomonlama hamda “C5+1” doirasida ilgari surish uchun qo‘shimcha muloqot maydonini yaratadi. Tashrifning amaliy ahamiyati qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish hamda AQSH, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida tashlanadigan keyingi qadamlar bilan belgilanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish