O‘zbekiston vakili FAO tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida jahonning “100 qahramon ayoli”dan biri deb topildi
Oktabr 19, 2026. 10:00 • 2 daq
• 236RIM, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlari va qishloq yerlarini rivojlantirishda 100 qahramon ayollar” ro‘yxati e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Joriy yil 15-oktabr kuni Italiyaning Rim shahrida joylashgan FAO bosh qarorgohida ushbu nufuzli e’tirofga sazovor bo‘lganlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda insonlar hayotini yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarini o‘zgartirishga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi xotin-qizlar e’tirof etildi.
Mazkur ro‘yxatdan o‘zbekistonlik vakil — Farg‘ona viloyatidagi “Quva anori” agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfutdinova ham joy oldi. U qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, sohaga innovasion yondashuvlarni joriy etish, “Anor yetishtiruvchilar” uyushmasini tashkil etish tashabbusi hamda sohaga oid darslik va qo‘llanmalar yaratishdagi xizmatlari uchun yuksak mukofotga loyiq ko‘rildi.
FAO bosh direktori Syuy Dun’yuy o‘zbekistonlik g‘olibni shaxsan taqdirlab, alohida uchrashuv chog‘ida bu nafaqat shaxsiy yutuq, balki O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi tizimi va xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasi ekanini ta’kidladi.
Dunyoning 130 dan ortiq mamlakatidan 600 nafardan ziyod nomzodlar orasidan saralab olingan Masturaxon Sayfutdinova o‘z yetakchilik salohiyati, tirishqoqligi va tashabbuskorligi bilan jahonning “100 qahramon ayoli” qatoridan o‘rin oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


