AQSH to‘qqiz kundan buyon Eronga zarba bermoqda

Iyul 20, 2026. 12:30 • 2 daq

219
AQSH to‘qqiz kundan buyon Eronga zarba bermoqda
“Reuters” agentligi surati

VASHINGTON–TEHRON, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH to‘qqiz kundan buyon Eronga hujum qilmoqda, Tehron esa Amerika obyektlariga zarbalar bilan javob qaytarib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yangi hodisalar sodir bo‘layotgani haqida xabar qilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

AQSH Qurolli kuchlari tunda Eron hududiga yangi zarbalar to‘lqinini boshladi. Markaziy qo‘mondonlikning bayonotiga ko‘ra, operatsiya Eronning harbiy salohiyatini yana-da zaiflashtirish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalarga uyushtirilayotgan hujumlarning oldini olishga qaratilgan.

Eronning “Tasnim” axborot agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, Amerika raketalari mamlakatning bir nechta shahriga, jumladan, Tabriz, Chobahor, Konarak, Bandar-Mahshahr va Bandar-Imom-Xumayniyga zarba bergan.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Vashington Eron xalqaro kemachilikka hujum qilishda davom etar ekan, zarbalar berishni davom ettirishini aytdi. Shu bilan birga, u AQSH diplomatik yechim uchun hamon ochiq ekanini taʼkidladi.

Bunga javoban, Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) Suriyaning At-Tanf hududidagi, Iordaniyaning Aqaba aeroportidagi Amerika obyektlariga, Quvaytdagi Kemp-al-Adiri va Ali-al-Salim bazalariga zarbalar berilganini maʼlum qildi. Quvayt hukumati suvni chuchuklashtiruvchi inshoot ketma-ket ikkinchi kun hujumga uchragani va buning natijasida yong‘in kelib chiqqanini bildirdi.

Shuningdek, IIPK Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ikkita neft tankeri portlab, harakatdan to‘xtaganini maʼlum qildi. Bu maʼlumotning mustaqil tasdig‘i hozircha yo‘q, biroq OAV maʼlumotlariga ko‘ra, bir kun avval bo‘g‘ozdan sakkizta kema o‘tgan bo‘lsa, bugun ularning soni to‘rttaga yetgan.

“The Washington Post” nashri amerikalik mulozimlarga tayanib xabar berishicha, Iordaniyada amerikalik harbiylar halok bo‘lganidan so‘ng, Pentagon Eronga qarshi harbiy kampaniyani kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ayni paytda, nashr manbalari operatsiyalar ko‘lami havo hujumidan mudofaa vositalari va uzoq masofali o‘q-dorilar tanqisligi hamda texnikaning jangovar shikastlanishlari tufayli cheklanishi mumkinligini qayd etgan.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi maʼlumotlariga ko‘ra, mojaro boshlanganidan beri 17 nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, 420 dan ortig‘i yaralangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish