Vengriya Bosh vaziri mamlakat prezidentligiga grossmeyster nomzodini taklif qilmoqchi
Iyul 20, 2026. 16:00 • 2 daq
• 184
BUDAPESHT, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar mamlakat prezidenti lavozimiga taniqli shaxmatchi Yudit Polgar nomzodini taklif qilish niyatida, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatga jamiyatni birlashtira oladigan va barcha fuqarolar manfaatini ifodalaydigan prezident zarur.
“Mamlakatimizga hamjihatlik, tinchlik va har bir vengriyalik faxrlanadigan prezident kerak. Respublika prezidenti lavozimi – bu kasb yoki ish o‘rni emas, balki xizmat qilishning oliy ko‘rinishidir. Prezidentning vazifasi barcha vengriyaliklarga xizmat qilish va ularning vakili bo‘lishdir”, – deb yozdi Bosh vazir o‘zining “Facebook”dagi sahifasida.
Vengriya Bosh vaziri Yudit Polgar bilan uchrashib, yangi Konstitutsiya qabul qilinguniga qadar bu lavozimni egallashga tayyor yoki yo‘qligini bilib olishini qo‘shimcha qildi.
Yudit Polgar shaxmat tarixidagi eng muvaffaqiyatli ayol sportchi hisoblanadi. U Elo reytingida 2700 punktlik marradan o‘tgan yagona ayol bo‘lib, 26 yil davomida ayollar o‘rtasidagi jahon reytingini boshqarib kelgan, jahon reytingida sakkizinchi o‘ringa ko‘tarilgan va ikki karra shaxmat Olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan. U avval siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmagan.
Iyul oyi boshida Peter Madyar Yudit Polgar bilan shaxmat o‘ynayotgani aks etgan suratni eʼlon qilgan. Shundan so‘ng Vengriyada sportchining oliy davlat lavozimiga nomzodi ko‘rsatilishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘lgandi.
Amaldagi prezident Tamash Shuyok o‘z vakolatlarini muddatidan oldin tugatishga imkon beruvchi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishni imzoladi. Shu bilan, uning 2029-yilda yakunlanishi kerak bo‘lgan vakolatlari tugatildi. Yangi davlat rahbari saylanguniga qadar bir oy davomida prezident vazifasini parlament spikeri Agnes Forsthoffer bajarib turadi.
Kecha fan, madaniyat va sport sohasining 16 nafar vakili parlament raisiga maktub yo‘llab, Yudit Polgar nomzodini prezidentlikka ko‘rsatishni taklif etdi. Ayni vaqtda “Ügyvédko‘r” birlashmasi ushbu lavozimga huquqshunos Peter Barandi nomzodini ilgari surganini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi