AQSH xorijiy OAV vakillari va talabalar uchun viza rejimiga cheklovlar joriy etdi
Iyul 17, 2026. 10:00 • 2 daq
• 199
TOSHKENT, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi xorijiy jurnalistlar, talabalar va almashinuv dasturlari bo‘yicha keluvchi shaxslarga viza berish qoidalariga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“TASS” axborot agentligining maʼlum qilishicha, AQSH maʼmuriyati mazkur o‘zgartishlar qo‘shimcha xavfsizlik va nazoratni taʼminlashi, shuningdek, “I”, “F” va “J” toifali vizalar egalarining mamlakatda vaqtincha bo‘lib turish davomida o‘z maqomini saqlayotganini yana-da samarali nazorat qilish imkonini berishini taʼkidlamoqda.
Avvalgi qoidalarga muvofiq, ushbu toifadagi viza egalari AQSHga kelish maqsadi va shartlariga rioya qilingan davr mobaynida mamlakat hududida bo‘lib turishi mumkin edi. Masalan, xorijiy jurnalist ommaviy axborot vositasidagi faoliyatini davom ettirayotgan yoki talaba Amerika universitetida tahsil olayotgan bo‘lsa, uning mamlakatda bo‘lib turishiga ruxsat etilardi. Hozirgi kunga qadar bu toifadagi vizalarning aksariyati uchun aniq amal qilish muddati belgilanmagan edi.
Biroq, endilikda xorijiy jurnalistlar AQSHga ishlash uchun ko‘pi bilan 240 kun muddatga kirishi va zarurat tug‘ilganda ushbu muddatni uzaytirishi mumkin bo‘ladi. Xitoy fuqarolari uchun esa ushbu muddatni 90 kun bilan cheklash taklif etilmoqda. Xorijiy talabalar va almashinuv dasturi ishtirokchilari mamlakatda o‘qish muddati yoki dastur davomiyligi doirasida to‘rt yildan oshmagan muddatga qolishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi