Nukusda Qoraqalpog‘istonga investitsiyalar jalb qilish va eksport hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi
Iyul 17, 2026. 12:30 • 2 daq
• 23TOSHKENT, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov xizmat safari bilan Qoraqalpog‘istonda bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev hamda ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish, erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini rivojlantirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va Qoraqalpog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini yana-da oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, investitsiya loyihalarini ilgari surish, grant mablag‘larini jalb etish, milliy mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish, xalqaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda taʼlim, sanoat, energetika va turizm sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Safar doirasida Mirvohid Azimov Nukus shahri va Taxiatosh tumanidagi qator korxonalar faoliyati hamda ularning eksport salohiyati bilan tanishdi. Korxonalar rahbarlari bilan muloqotlarda yangi tashqi bozorlarga chiqish, xorijiy sheriklarni jalb etish, eksport geografiyasini kengaytirish va xalqaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif yakunida Qoraqalpog‘istonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, diplomatik vakolatxonalarning mahalliy davlat hokimiyati organlari va milliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorligini oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









