O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi Gurlandagi texnikumga beg‘araz yordam ko‘rsatdi

Iyul 17, 2026. 09:00 • 2 daq

121
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi Gurlandagi texnikumga beg‘araz yordam ko‘rsatdi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi Gurlandagi texnikumga beg‘araz yordam ko‘rsatdi
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi Gurlandagi texnikumga beg‘araz yordam ko‘rsatdi

ISLOMOBOD, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 3-sonli texnikumga O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan 10 dona zamonaviy noutbukdan iborat beg‘araz grant topshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mirvohid Azimov boshchiligidagi diplomatlar, texnikum rahbariyati, pedagoglar hamda o‘quvchilar ishtirok etdi. Uchrashuvda grant doirasida olib kelingan kompyuter texnikasi taʼlim muassasasiga tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega, raqobatbardosh hamda yuqori malakali mutaxassislar etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida eʼtirof etdi.

Taqdim etilgan noutbuklar texnikumning moddiy-texnik bazasini yana-da mustahkamlash, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, dasturlash, kompyuter grafikasi va dizayn yo‘nalishlarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Tadbir davomida texnikum rahbariyati ushbu amaliy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirib, grant taʼlim sifatini yana-da oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda Gurlan tumanidagi 3-sonli texnikumda mingga yaqin o‘quvchi turli yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunar sirlarini egallamoqda. O‘quvchilarga zamonaviy bilim berish va ularning tanlagan kasbini mukammal o‘zlashtirishlari uchun moddiy-texnik bazani yana-da mustahkamlash zarurati mavjud edi. Ayniqsa, informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etishda kompyuter texnikasi yetishmasligi muayyan qiyinchiliklar tug‘dirardi.

“Taqdim etilgan noutbuklar asosida texnikum huzurida dasturlash, kompyuter grafikasi va dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha “Innovatsion o‘quv-amaliy markaz” tashkil etiladi. Bu markaz o‘quvchilarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini yana-da mustahkamlash, ularning zamonaviy raqamli texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishi uchun muhim zamin yaratadi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasiga ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun ustozlar va o‘quvchilarimiz nomidan minnatdorlik bildiramiz”, – dedi texnikum direktori Zulfiya Davlatova.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish