O‘zbekiston va Misr mutaxassislari tibbiy texnologiyalar bo‘yicha sheriklik loyihalarini muhokama qildi

Iyul 17, 2026. 10:30 • 2 daq

116
O‘zbekiston va Misr mutaxassislari tibbiy texnologiyalar bo‘yicha sheriklik loyihalarini muhokama qildi

QOHIRA, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari Misrning “Medical Engineering Group” kompaniyasi rahbariyati bilan onlayn muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida chaqaloqlar uchun neonatal inkubatorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali milliy tibbiy xavfsizlikni taʼminlash va uzoq muddatli sanoat sherikligini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni erkin iqtisodiy zonalar, xususan, “Tashkent Pharma Park” hududida ishlab chiqarishni tashkil etish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, yer ajratish tartibi, imtiyozli tariflar va soliq preferensiyalari haqida to‘xtalib o‘tdi.

O‘z navbatida, Misr kompaniyasi vakillari go‘daklar o‘limini kamaytirishga qaratilgan ijtimoiy-gumanitar loyihalar haqida fikr bildirdi. Ular zamonaviy texnologiyalar, nou-xau va mahalliy mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.

Loyihani amalga oshirish doirasida davlat ishtirokidagi qo‘shma korxona tashkil etish yoki davlat xaridlari kafolatlari ko‘magida ishonchli xususiy investorni jalb etish variantlari taklif etildi.

Uchrashuv jarayonida ikki davlat mutaxassislari O‘zbekistonning neonatal inkubatorlarga bo‘lgan ehtiyojini taʼminlash, mavjud tibbiy uskunalar bazasi va mahalliy sanoat infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha sheriklik asosida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish