AQSh Eronga nisbatan iqtisodiy bosim va dengiz blokadasini davom ettirishini maʼlum qildi

Avgust 14, 2026. 11:53 • 3 daq

175
AQSh Eronga nisbatan iqtisodiy bosim va dengiz blokadasini davom ettirishini maʼlum qildi

VASHINGTON–TEHRON, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSh Eronga nisbatan harbiy-dengiz blokadasini muddatsiz davom ettirish va Tehronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirishini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Reuters” agentligining xabar berishicha, AQSh urush vaziri Pit Xegset Amerika harbiy-dengiz kuchlari kemalarni almashtirib turish hisobiga blokadani cheklanmagan vaqt davomida ushlab turishga qodir ekanini qayd etgan.

“Qo‘shma Shtatlar bunday blokadani cheklanmagan vaqt davomida ushlab turishga qodir. Chunki biz kemalarni almashtiramiz va bu ishni davom ettiraveramiz”, – degan Pit Xegset.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent Vashingtonning Eronga qarshi yangi choralar tayyorlayotganini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelasi haftaning o‘zidayoq Tehronga misli ko‘rilmagan moliyaviy bosim o‘tkazadigan chora-tadbirlar eʼlon qilinadi.

Shu bilan birga, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilishda davom etayotganini bayon qilib, tijorat kemalari mamlakat qurolli kuchlarining ruxsati va nazoratisiz bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘ta olmasligini aytgan.

AQSh Prezidenti Donald Trampning fikricha, Vashington Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilmoqda. U Amerika blokadasini “Po‘lat devor” deya atagan. Eron bu daʼvolarni rad etyapti. Urush boshlanishidan avval bo‘g‘oz orqali 130–140 ta kema o‘tgan bo‘lsa, hozirda ular soni atigi 8 tani tashkil etayapti.

Kecha BAAning “ADNOC” davlat neft kompaniyasiga qarashli ikkita kemaga hujum qilindi. Mamlakat hukumati ushbu voqeani Eron tomonidan uyushtirilgan hujum deb baholadi.

Ayni vaqtda Tehron O‘mon bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yangi yo‘nalish yaratish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Biroq hozircha kelishuvga erishilmagan. Eronning taʼkidlashicha, hatto yangi yo‘nalishning ochilishi ham kemalar qatnovini tiklash uchun yetarli bo‘la olmaydi: Tehron AQShdan sanksiyalarni bekor qilishni va muzlatib qo‘yilgan Eron aktivlarini blokdan chiqarishni talab qilayapti.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Eronga qarshi operatsiyaning asosiy maqsadi sifatida uning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish hamda amerikaliklar uchun neft va gaz narxlarini barqaror saqlab qolishni ko‘rsatdi.

AQShning mintaqadagi harbiy ishtiroki ham kuchaymoqda. “USS George Washington” aviatashuvchi kemasi Tinch okeanidan Yaqin Sharqqa yo‘l olgan. Ushbu kema mintaqada uzoq muddat – 260 kundan ortiq uzluksiz dengizda bo‘lgan “USS Abraham Lincoln” o‘rnini egallashi kutilmoqda.

“AFP ” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish